AsosiyJamiyat

Tashqi siyosatning huquqiy asoslari mustahkamlanmoqda (foto)

'Tashqi siyosatning huquqiy asoslari mustahkamlanmoqda (foto)'ning rasmi

“O`zbekiston Respublikasi tashqi siyosatining huquqiy asoslarini mustahkamlashda O`zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari to`g`risidagi qonunining roli va ahamiyati” mavzusidagi ilmiy-amaliy konferensiya bo`lib o`tdi. Tadbir O`zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti tarafidan tashkillashtirildi. Bu haqda Adliya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Ilmiy-amaliy konferensiya ishida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va Senat a`zolari, ijro va sud hokimiyati organlari, fuqarolik jamiyati institutlari, huquqshunos olimlar jamoatchiligi, ta`lim muassasalari, ommaviy axborot vositalari, shuningdek xalqaro tashkilotlar, diplomatik korpus vakillari ishtirok etdilar.


Konferensiyaning maqsadi O`zbekiston Respublikasi tashqi siyosatining huquqiy asoslarini mustahkamlashda O`zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari to`g`risidagi yangi tahrirdagi qonunining ahamiyatini ekspertlar darajasida muhokama qilishdan iborat bo`ldi.

Tadbir davomida taqdim etilgan bir qator ma`ruzalarda qayd etilganidek, o`tgan yillar davomida mamlakatimiz 200 dan ziyod xalqaro shartnomalarga qo`shildi. Konstitutisiyamizda xalqaro huquqning umume`tirof etilgan normalari ustunligi tamoyillari mustahkamlangan holda mazkur xalqaro shartnomlarga rioya etish bo`yicha zarur normativ-huquqiy asoslar hamda tashkiliy-institusional sharoitlar yaratish yuzasidan majburiyatlar zimmaga olindi. Ayni paytda xalqaro shartnomaviy majburiyatlarning bajarilishi samarali tarzda yo`lga qo`yilgan monitoring va nazorat qilish kabi institusiyaviy vositalar yordamida ta`minlanmoqda.

Qonunda xalqaro shartnomalar bajarilishi ustidan monitoring olib borish mexanizmlari belgilanmoqda, bu esa zamonaviy AKTdan foydalangan holda yagona elektron ma`lumotlar bazasini yaratish, davlat organlari tomonidan har yili 31 dekabrga qadar Tashqi ishlar vazirligiga xalqaro shartnomalarni bajarish to`g`risida axborot yuborish, xalqaro shartnomalar ijrosi holati samaradorligini baholash, ularning tegishlicha bajarilishini ta`minlash bo`yicha takliflar tayyorlash nazarda tutilmoqda.

So`zga chiqqanlar qayd etganlaridek, Qonun davlat organlari ishlari samaradorligini oshirishga, ularning javobgarligini va ular tomonidan ishlab chiqiladigan hujjatlar sifatini oshirishga, tomonlar tarafidan bitimlar tegishlicha bajarilishi ustidan nazoratni ta`minlashga, shuningdek yuzaga kelayotgan masalalarni o`z vaqtida hal etish uchun oldini oluvchi choralar ko`rishga, mamlakat tashqi siyosatini amalga oshirishning asosiy vositalaridan biri sifatida xalqaro hamkorlikning shartnomaviy-huquqiy bazasini boyitish va takomillashtirishga, davlatimiz uchun istiqbolli bo`lgan ikki tomonlama va ko`p tomonlama shartnomalar tuzishga, xalqaro huquq umume`tirof etilgan normalarining ustunligini ta`minlashga xizmat qiladi.

Barcha ishtirokchilar konferensiyaning yuksak darajasi, foydaliligi va amaliy ahamiyatini qayd etib, mazkur qonunning qabul qilinishi tashqi siyosiy faoliyatning asosiy vositalaridan biri bo`lgan xalqaro hamkorlikning shartnomaviy-huquqiy bazasini shakllantirish va takomillashtirishga xizmat qilishini alohida ta`kidladilar.

Ekspertlar tomonidan xalqaro shartnomalar to`g`risidagi qonuni qoidalari amalga oshirilishi samaradorligini yaxshilashga doir turli xil takliflar ilgari surildi.

    Boshqa yangiliklar