Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti (JSST)ning O`zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Lian Kuppens Sog`liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanovga JSSTning bezgak kasalligini eliminasiya qilgan davlat maqomini tasdiqlovchi sertifikatini taqdim etdi. Bu haqda Sog`liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi xabar berdi.
Tadbir davomida L. Kuppens xonim O`zbekiston so`nggi yillarda hududni bezgakdan holi qilish borasida katta qadam tashlaganini qayd etib, buni ulkan va tarixiy yutuq sifatida e`tirof etdi.

Bu natijaga erishish uchun mamlakatimizda shifokor, sanitariya va epidemiologiya tizimi mutaxassislari tomonidan bezgakka qarshi kurashish bilan bog`liq keng ko`lamli ish olib borildi. Maqsadli tadbirlar o`tkazilishi natijasida yurtimizda so`ngi yillarda bezgakning mahalliy qayd etilishi umuman kuzatilmagan.
Tabiiyki, bezgak eliminasiyasi bo`yicha halqarosertifat olgan har bir davlat erishilgan natijani saqlab qolish uchun barcha kompleks chora tadbirlarni davom ettirish majburiyatini oladi. Mamlakatimizda ham Sog`liqni saqlash vazirligi 2017 yilda tasdiqlangan O`zbekiston Respublikasida 2017 –2021 yillarda bezgakning qayta tiklanishini oldini olish bo`yicha milliy strategiya asosida boshqa vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda ish olib boradi.
Eslatib o`tamiz, Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti 2017 yilda O`zbekistonda qizamiq va qizilcha kasalligi eliminasiya qilinganini xalqaro miqyosda e`tirof etgan bo`lsa, endilikda esa yurtimizni bezgakning mahalliy qayd etilishidan holi hudud sifatida tan oldi.
Aholi salomatligi mamlakatimizning asosiy boyligidir. Shuning uchun yurtimizda sog`liqni saqlash tizimini rivojlantirishga va aholiga ko`rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini yanada yaxshilashga katta e`tibor berilayotir. Shu maqsadda O`zbekistonda yuqumli kasalliklarning respublika hududiga kirmasligini ta`minlash borasida faol epidemiologik kuzatuv o`rnatilgan.






