AsosiyJamiyat

Sog`liqni saqlash vazirligi sog`lom turmush tarziga chorlovchi ommaviy tadbirlarni davom ettiradi (foto)

'Sog`liqni saqlash vazirligi sog`lom turmush tarziga chorlovchi ommaviy tadbirlarni davom ettiradi (foto)'ning rasmi

Sog`lom turmush tarziga muntazam ravishda amal qilish turli xastaliklardan holi, sog`lom va baxtli yashash omilidir. Shundan kelib chiqqan holda joriy yil 6 aprel, shanba kuni Sog`liqni saqlash vazirligi tomonidan “Sog`lom hayotga qadam tashla” shiori ostida Butunjahon salomatlik kuni munosabati bilan 5 kilometr masofaga faol yurish va gimnastrada tardbirlari mamlakatimiz bo`ylab tashkil etildi. Bu haqda Sog`liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi xabar berdi.

Faol yurishning foydali ekanligi barchamizga ma`lum. Ya`ni, faol yurish orqali yurak qon-tomir kasalliklari, insult, xavfli o`smalar, nafas olish a`zolarining surunkali kasalliklari va qandli diabet kabi yuqumli bo`lmagan kasalliklarning oldini olgan bo`lamiz. Muhimi, yurish barcha sport turlari orasida eng osoni va qulayidir. Buning uchun juda ko`p energiya sarflashning hojati yo`q, ijobiy ta`siri esa juda yuqori.

Gimnastrada ham salomatlik uchun foydali bo`lib, unda guruh-guruh bo`lib engil gimnastika mashqlari bajariladi. Natijada, mushak tizimi mustahkamlanadi, bo`g`imlar harakati yaxshilanadi. Bundan tashqari, kuch, tezlik va chidamlilikni tarbiyalaydi. Sog`lomlashtiruvchi ta`sir kuchiga ega mashqlar tufayli qomatning tik va to`g`ri rivojlanishi ta`minlanadi.

– Ushbu ommaviy tadbirlar doirasida “Ochiq eshiklar kuni” ham tashkil etilib, murojaat qilgan bemorlarga respublika, viloyat, tuman va shahar tibbiyot muassasalari shifokorlari tomonidan bepul va malakali tibbiy maslahatlar berildi, – deydi Aholining sog`lom turmush tarzini qullab-qo`vvatlash va jismoniy faolligini oshirish markazi direktori Barno Odilova. – Tuman va shaharlarda joylashgan markaziy xiyobonlar, supermarketlarda jadval asosida ikki soat davomida “Salomatlik maydonchalari” ham tashkil kilinib, unda antropometrik o`lchovlar, savolnoma va maxsus tekshiruvlar asosida noinfeksion kasalliklarni keltirib chiqaruvchi xavf omillari aniqlanib, tibbiy maslahatlar berildi. Ahamiyatli tomoni, endilikda “Ochiq eshiklar kuni”, “Salomatlik maydonchalari” hamda “Sog`lom ovqatlanish yarmarkalari”ga mos ravishda har haftaning chorshanba, payshanba va juma kunlari tashkil etib boriladi.

Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida tashkil etilgan ushbu ommaviy tadbirlarda Sog`liqni saqlash vazirligi, respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari va filiallari, respublika va viloyat tibbiyot muassasalari hamda hududlardagi hamkor tashkilotlar vakillari, tibbiyot oliy o`quv yurtlari va kollejlar talabalari ishtirok etishdi.

Eslatib o`tamiz, Sog`liqni saqlash vazirligi tomonidan joriy yil mart oyi davomida, haftaning har shanbasida Yurish kuni, Yurish bo`yicha marafon kuni, “Salomatlik sari qadam” kuni hamda Velosipedda sayr kuni kabi ommaviy tadbirlar mamlakatimizning barcha hududlarida ko`tarinki ruhda o`tkazilgan edi.


    Boshqa yangiliklar