Shov-shuvli loyihalardan biri «Yosh kitobxon»ning 2019 yil mavsumiga arizalar qabuli boshlandi.
“Yosh kitobxon yangi-yangi kitobxonlarni ommaviy kashf etishda davom etadi. Siz ham 2019 yilning «Yosh kitobxon»iga aylanmoqchimisiz? Unda shoshiling!
Tanlov buyuk alloma, adib va mutafakkirlarimizning boy ma`naviy merosini, umumbashariy sivilizasiya, madaniyat, dunyoviy va diniy ilm-fan taraqqiyotiga ulkan hissa qo`shgan ulug` ajdodlarimizning noyob asarlarini asrab-avaylash, avlodlarga bezavol etkazish, ularning nodir merosini, ibratli hayoti va ijtimoiy faoliyatini har tomonlama chuqur o`rganish va targ`ib etish, yoshlarimizni o`zlikni anglash, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, ular o`rtasida kitobxonlik madaniyatini keng ommalashtirish maqsadida tashkil etilmoqda.
Tanlovga mamlakatimizda istiqomat qilayotgan millati va tilidan qat`iy nazar 10 yoshdan 30 yoshgacha bo`lgan barcha yoshlar ishtirok etishi mumkin.
Tanlovda ishtirok etishni xohlovchi yoshlar joriy yilning 1 aprelidan 15 mayiga qadar O`zbekiston yoshlar ittifoqining ta`lim muassasalaridagi boshlang`ich tashkilotlari yoki mahalliy Kengashlariga ariza bilan murojaat qilib, o`zi haqidagi tegishli ma`lumotlar (tanlov anketasi, tug`ilganlik haqidagi guvohnoma yoki pasport nusxalari)ni taqdim etadi.
Tanlov quyidagi uchta yosh toifasi bo`yicha alohida-alohida tartibda o`tkaziladi:
—10 yoshdan 14 yoshgacha bo`lgan yoshlar;
— 15 yoshdan 19 yoshgacha bo`lgan yoshlar;
—20 yoshdan 30 yoshgacha bo`lgan yoshlar.
Tanlovda ishtirokchilarning yoshi ariza topshirgan sana bo`yicha inobatga olinadi.
Millionlab yoshlarning sevimli tanloviga aylangan «Yosh kitobxon»ning 2019 yilgi mavsumi uchun saralab olingan kitoblar ro`yxati haqida ma`lumot yoki o`zingizni qiziqtirgan savollar yuzasidan (99) 858-43-54 telefon raqami yoki O`zbekiston yoshlar ittifoqining Hududiy va mahalliy kengashlari orqali ma`lumot olishingiz mumkin.
Kitob o`qing, dunyoqarashingizni o`zgartiring, Vatan taraqqiyoti yo`lida birlashing va Prezident sovg`asi Spark egasi bo`ling!
Bu yilgi tanlov “Mening yurtim” kanali orqali efirga uzatiladi.