AsosiyJamiyat

Yangi majmua travmatologik operasiyalar sonini yiliga 8000 taga etkazish imkonini beradi

'Yangi majmua travmatologik operasiyalar sonini yiliga 8000 taga etkazish imkonini beradi'ning rasmi

Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining zamonaviy andozalar darajasida barpo etilgan va eng so`nggi tibbiy texnologiyalar bilan jihozlangan etti qavatli yangi majmuasi foydalanishga topshirildi.

Ayni paytda markazda konsultativ poliklinika, tez yordam bo`limi, 240 o`ringa mo`ljallangan 8 ta stasionar va 6 ta paraklinik bo`lim faoliyat ko`rsatmoqda. Yiliga 85 mingdan ortiq bemorga yuqori malakali davolash-konsultativ xizmati ko`rsatib kelayotgan markaz klinikasida 6 mingdan ziyod noyob amaliyotlar ham bajarilmoqda.

Barcha qulayliklarga ega yangi majmuaning foydalanishga topshirilishi travmatologiya sohasida ko`rsatilayotgan tibbiy yordamni yanada takomillashtirishga zamin hozirladi. Markazdagi mavjud o`rinlar soni 300 taga etdi. Binoda telemedisina, elektron hujjatlashtirish, yurishni tekshiruvchi laboratoriya (GateLab), magnit-rezonansli tomografiya, intraoperasion mikroskopiya, intraoperasion neyromonitoring kabi yangi diagnostika usullari joriy etiladi. Shu bilan birga, bu erda elka, oshiq va mayda bo`g`imlarni endoprotezlash, umurtqa disk churralarini yopiq usulda olib tashlash, umurtqa disklarini lazer bilan kuydirish, umurtqada endoskopik operasiyalar, elka bo`g`imida artroskopik operasiyalar, tug`ma skoliozni operativ davolash singari zamonaviy davolash texnologiyalarini qo`llash imkoniyatlari ham paydo bo`ladi. So`ngi bir yilda markazning 30 nafar xodimi horijdagi nufuzli klinikalarda malaka oshirib qaytdi.

Majmuaning birinchi qavatida shikastlangan bemorlarga shoshilinch travmatologik yordam ko`rsatish bo`limi, ikkinchi qavatida konsultativ poliklinika, uchinchi qavatida diagnostika laboratoriyalari, to`rtinchi va beshinchi qavatida travmatologiya va shikastlar asorati bo`limlari, oltinchi qavatida reanimasiya bo`limi hamda ettinchi qavatida operasiya bo`limi joylashgan. Unda tibbiyoti rivojlangan nufuzli xorijiy davlatlardagi zamonaviy klinikalarda mavjud bo`lgan tibbiy asbob-uskunalar o`rnatildi va kompyuterlashgan xizmat tizimi barpo etildi.

Markazda operasiyalar sonini yiliga 8000 taga, ulardan yangi texnologiyali operasiyalarni 6400 taga oshirish rejalashtirilmoqda. Yaratilayotgan keng imkoniyatlar tufayli tibbiyot turizmini ham rivojlantirilib, 1500 nafardan ortiq bemorga yordam berish imkoni paydo bo`ladi. So`nggi yutuqlarga asoslangan operasion blok va texnologiyalar AQSh, Germaniya, Buyuk Britaniya, Rossiya davlatlarining nufuzli tibbiyot markaz va klinikalari bilan aloqalar o`rnatilishini ta`minlaydi.

Tadbirda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi A. Abduvahitov, Bosh vazir o`rinbosari A. Abduhakimov va Sog`liqni saqlash vaziri A. Shadmanov ishtirok etdi.


    Boshqa yangiliklar