O`zbekiston yoshlar ittifoqi tashabbusi bilan o`tkazilayotgan “Yosh kitobxon” tanlovining 2019 yilgi Nizomi ham tasdiqlandi.
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti sovg`asi – “Spark” avtomobili 10 yoshdan 14 yoshgacha, 15 yoshdan 19 yoshgacha hamda 20 yoshdan 30 yoshgacha bo`lgan 3 nafar g`olibni kutmoqda.
Nizomga ko`ra tanlov to`rt bosqichda tashkil etiladi. Birinchi bosqich tanlovning arizalar qabul qilish va saralash bosqichi bo`lib, unda tanlovda ishtirok etish istagini bildirgan ishtirokchilarning arizalari 15 may kuniga qadar O`zbekiston yoshlar ittifoqining tuman, shahar Kengashlari tomonidan qabul qilinadi. Ariza topshirgan yoshlar adabiyotlar ro`yxati asosida o`zbek va jahon adabiyotiga, buyuk adiblarimiz hayoti va ijodiga oid 50 ta test savollariga javob berish orqali saralanadi. Har bir to`g`ri javob uchun 2 balldan belgilanadi. Test natijalariga ko`ra 86 va undan yuqori ball to`plagan 15 nafar ishtirokchilar keyingi bosqichda ishtirok etish huquqini qo`lga kiritadi.
Ikkinchi bosqich tanlovning mahalliy bosqichi bo`lib, har yili iyun oyida barcha tuman, shaharlar miqyosida saralash bosqichida 86 va undan yuqori ballni qo`lga kiritgan ishtirokchilar o`rtasida “O`zbek adabiyoti bilimdoni” va “Jahon adabiyoti bilimdoni” shartlari bo`yicha o`tkaziladi.
Uchinchi bosqich tanlovning hududiy bosqichi bo`lib, har yili avgust-sentyabr oylarida “Buyuk mutafakkir va adib” hamda “Badiiy asarlar bilimdoni” shartlari asosida teletanlov shaklida bo`lib o`tadi. Har bir yosh toifasi bo`yicha g`oliblikni qo`lga kiritgan 1 nafardan jami 3 nafar ishtirokchilar Respublika bosqichi uchun yo`llanmaga ega bo`ladi.
So`nggi bosqich tanlovning Respublika bosqichi bo`lib, har yili noyabr-dekabr oylari davomida “O`zbek adabiyoti bilimdoni”, “Jahon adabiyoti bilimdoni”, “She`riyat” hamda “Buyuk mutafakkir va adib” kabi 4 ta shart bo`yicha o`tkaziladi.
Tanlovning Respublika bosqichida 1-o`rinni egallagan 3 ta yosh toifasidagi ishtirokchilarning har biri “Prezident sovg`asi” sifatida engil avtomobil, diplom va “Yosh kitobxon” statuetkasi bilan taqdirlanadi. Uchta toifada 2-o`rinni egallagan ishtirokchilarning har biri kompyuter jamlanmasi (monoblok), o`zbek va jahon adabiyotining durdona asarlaridan iborat kitoblar jamlanmasi va boshqa qimmatbaho sovg`alarga sazovor bo`ladi. Uchta toifada 3-o`rinni egallagan ishtirokchilarning har biriga 100 tadan o`zbek va jahon adabiyotining durdona asarlari berilib, tashkilotchilarning maxsus sovg`alarini qo`lga kiritadi.
Ta`kidlash lozimki, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoev rahbarligida 2019 yil 19 mart kuni o`tkazilgan “Yoshlar bilan ishlashni samarali tashkil etishda madaniyat, sport, axborot texnologiyalari, kitob o`qishga qiziqishini oshirish va xotin-qizlar bandligini ta`minlash bo`yicha 5 muhim tashabbusni amalga oshirish to`g`risida”gi videoselektorda ham yoshlarning kitob mutolaasiga bo`lgan muhabbatini oshirish yuzasidan alohida ko`rsatmalar berildi, shundan kelib chiqib, tanlov oldi respublikamizning barcha hududlariga 10 000 nusxadan ziyod jahon va mumtozadabiyotimizning durdona asarlari etkazib berildi.
Hozirgi kunda mamlakatimiz yoshlarini kitobga bo`lgan qiziqishlarini yanada oshirish, zamonaviy axborot texnologiyalari va dasturlardan unumli foydalanish maqsadida joylarda BOOKLAND elektron kitoblarni QR kodi orqali bepul yuklab olish tizimi joriy etilmoqda.
Eslatib o`tamiz, 12 aprel kuni “Yoshlarning ma`naviy dunyo qarashini yuksaltirish va kitobxonlikni ommalashtirish – eng dolzab vazifa” mavzuida “Yoshlar press klubi”ning navbatdagi sessiyasi o`tkazilib, unda “Yosh kitobxon” tanlovini yuqori saviyada o`tkazish bilan bog`liq masalalar muhokama qilinadi.