Davlatimiz rahbari ijtimoiy, ma`naviy-ma`rifiy sohalardagi ishlarni yangi tizim asosida yo`lga qo`yish maqsadida yoshlarga e`tiborni kuchaytirish, ularni madaniyat, san`at, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, ularda axborot texnologiyalaridan foydalanish ko`nikmalarini shakllantirish, yoshlar o`rtasida kitobxonlikni targ`ib qilish, xotin-qizlar bandligini oshirish bo`yicha 5 ta muhim tashabbusni ilgari surgan edi.

Yoshlarning ertangi istiqboli, ma`naviyatimiz charxi va rivoji uchun xizmat qiluvchi ezgu tashabbuslarning amaliyotga tadbiqi Bo`kadan boshlandi. Kuni kecha O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi, O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Respublika Ma`naviyat va ma`rifat markazi hamda O`zbekiston Yoshlar ittifoqi hamkorligida Toshkent viloyatining Bo`ka tumanida joylashgan Madaniyat markazida bayram tadbiri bo`lib o`tdi. “O`zbekiston” NMIU, “O`qituvchi”, “Cho`lpon”, “Sharq”, “Mashhur-press”, O`zbekiston milliy ensiklopediyasi kabi davlat nashriyotlari tomonidan chop etilgan kitob karvonining tumanga kirib kelishi katta tantanaga aylanib ketdi.

Yoshlar qalbiga tozalik, ezgulikni singdirish, xalqimiz, jumladan, yoshlarning kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, ijodkorlar va kitobxonlar o`rtasidagi muloqotni yaxshilash maqsadida tashkil etilgan kitoblar ko`rgazmasida yozuvchilarning ham ishtirok etgani o`quvchilarda katta qiziqish uyg`otdi. Ko`rgazmaga viloyat hokimi G`. Ibragimov ham tashrif buyurib, kitob yarmarkasidan ellikdan ortiq kitob xarid qilib, tumandagi beshta maktab kutubxonasiga taqdim etdi.

O`quvchi-yoshlar bilan o`tkazilgan davra suhbatida Sirojiddin Sayyid, Mahmud Toir, Salim Ashur, Usmon Azim, Anvar Obidjon, G`ofur Shermuhammad kabi ko`plab atoqli yozuvchilar ishtirok etib, bugun yoshlarning har sohada peshqadam bo`lishi, vaqt bilan “musobaqa”da g`olib bo`lishlari, zamon talablariga javob beradigan barkamol inson bo`lib ulg`ayishlari uchun davlatimiz tomonidan beqiyos g`amxo`rlik qilinayotgani, faqat ma`rifat sari qadam bosishlari, qalban inson bo`lish, o`z-o`zini kashf etish uchun kitob o`qishlari lozimligi haqida fikr bildirib, o`z she`rlaridan namunalar o`qib berdilar. Davra suhbatidan so`ng taniqli estrada xonandalari ishtirokida konsert dasturi namoyish etildi. Tushdan so`ng “Xalq ovozi” gazetasi tahririyatida iste`dodli yozuvchilar tomonidan “Mahorat darslari” o`tkazildi. “Bo`ka nihollari” iqtidorli yoshlari to`garagi a`zolariga O`zbekiston yozuvchilar uyushmasining "Ijod" jamoat fondi tomonidan uch yuzta badiiy kitoblar va kompyuter jamlanmasi topshirildi.
Shu kuni hamkor tashkilotlar tomonidan tumanda joylashgan mavjud 49 ta maktabning har biriga 200 tadan, mahallalarda faoliyat olib borayotgan 14 ta kutubxona, Bolalar musiqa va san`at maktabi hamda Mehribonlik uyiga 100 tadan, oilalarga 1000dan ortiq kitoblar sovg`a qilindi.






