AsosiyJamiyat

Tarbiyachilar uchun maxsus qo`llanma chop etiladi

'Tarbiyachilar uchun maxsus qo`llanma chop etiladi'ning rasmi

Poytaxtimizning Mirobod tumanidagi 34-maktabgacha ta`lim muassasasida Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi maktabgacha ta`lim muassasalari boshqarma boshliqlari va ma`naviy-ma`rifiy soha mas`ullari uchun “Maktabgacha ta`lim muassasalarida ma`naviy tarbiya masalalari” mavzusida respublika o`quv-seminari o`tkazildi.

Respublika Ma`naviyat va ma`rifat markazi hamda O`zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta`lim vazirligi bilan hamkorlikda tashkil etilgan seminarda vazirlikning tizimda ma`naviy-ma`rifiy ishlar samaradorligini oshirish hamda “Ma`naviyat kuni”ni tashkil etish borasidagi tashabbusi mazmun-mohiyati tushuntirildi. Unga ko`ra, haftaning har juma kuni maktabgacha ta`lim muassasalarida “Ma`naviyat kuni” deb belgilanganligi va bu yo`nalishda amalga oshiriladigan ishlar aniqlashtirildi.

Maktabgacha ta`lim muassasalarida olib boriladigan ma`naviy-ma`rifiy ishlar, axloqiy tarbiya masalalari, o`sib kelayotgan yosh avlodni ma`nan va jismonan rivojlantirish, maktabgacha ta`lim muassasalarining metodik ta`minotini takomillashtirish borasida olib borilayotgan amaliy ishlar yuzasidan ma`ruzalar tinglandi.

– Ma`naviy tarbiya har tomonlama etuk, salohiyatli, go`zal xulqli, erkin fikrga ega bo`lgan barkamol shaxsni kamol toptirishdir, – deydi Respublika Ma`naviyat va ma`rifat markazi mutaxassisi Feruza Azimova. – Bu masala yuzasidan Markazimiz tomonidan maktabgacha ta`lim muassasasi tarbiyachilari va ota-onalar uchun “Baxtli bola ma`naviyati” nomli kitob nashr etilmoqda. Qo`llanma respublikamizdagi barcha maktabgacha ta`lim muassasalariga taqdim etilishi rejalashtirilgan. Zero, maktabgacha ta`lim muassasasi tarbiyachisining muomala madaniyati, intellektual salohiyati farzandlarimiz ma`naviy olamida muhim ahamiyatga egadir. Bola bog`chadan insoniy fazilatlarni, milliylikni, o`zbekona urf-odat va qadriyatlarni o`rgansa, kelajakda Vataniga sodiq, mamlakat taraqqiyotiga daxldor, fidokor, mehnatkash inson bo`lib etishadi.

    Boshqa yangiliklar