Amaldagi tartiblarga ko`ra, jismoniy shaxslar tomonidanayrim turdagi tovarlarni bojsiz olib kirishning cheklangan me`yorlariga ko`ra, 65 gr.gacha og`irlikdagi qimmatbaho metall va qimmatbaho toshlardan yasalgan zargarlik buyumlarini olib kirish mumkin. Ammo, mazkur me`yorlarga rioya qilmasdan turib, zargarlik buyumlarini turli nayrang va usullarini qo`llagan holda olib kirishga urinayotgan shaxslar ham uchrab turibdi.
Jumladan, Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi “G`ishtko`prik” chegara bojxona postida qo`shni davlatdan kirib kelgan fuqaro M.M. nafaqat qo`l sumkasi va egnidagi kiyimlarida, balki paypog`i ichida va oyog`iga boylab olgan holda kumush taqinchoqlarni olib kirishga uringani fosh bo`ldi.
Bundan tashqari u kumush taqinchoqlarni bojxonadan olib o`tishning yana bir antiqa “usuli”ni ham qo`lladi. Ya`ni o`zi bilan olib o`tayotgan shokoladlar orasida ayrimlarining qadoqlari ichiga kumush taqinchoqlarni ustomonlik bilan yashirgan ekan.
Ushbu ayol yashirin ravishda olib o`tishga uringan kumush taqinchoqlarning umumiy og`irligi 158 gr.ni, qiymati esa 4,7 mln. so`mnin tashkil qilmoqda.
Hozirda ushbu holat yuzasidan bojxona tekshiruvlari davom ettirilmoqda.