Xalqimiz hayotini yanada farovonlashtirish, yurtimizning har bir hududini obod maskanlarga aylantirish, shuningdek, davlat hokimiyati organlari hamda mutasaddi rahbarlarning aholi bilan bevosita muloqotini yo`lga qo`yish orqalimavjud muammolarni bartaraf etish maqsadida fuqarolar bilan uchrashuvlar davom etilmoqda.
Shunday ochiq muloqotlardan biri Do`stlik tumanidagi Musiqa va san`at maktabida bo`lib o`tdi. Tadbir O`zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining o`rinbosari, adliya katta maslahatchisi A.Mavlonov, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasi mas`ul xodimi M.Ishbekov va Jizzax viloyatidagi boshqa mutasaddilartomonidan o`tkazildi.
Ommaviy qabul jarayonida Jizzax, Toshkent shaharlari, Do`stlik, Mirzacho`l, Arnasoy, Paxtakor, Zafarobod hamda Forish tumanlaridan fuqarolar 80 ta muammoli masalalari yuzasidan murojaat qilishdi.
Uchrashuvda tadbirkorlik va kredit olish, sud-huquq, uy-joy, ish bilan ta`minlash, ish haqini undirish bilan bog`liq savollar aholi tomonidan ko`proq berildi.
O`zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining o`rinbosari A.Mavlonov murojaatlarni o`z o`rnida ijobiy hal etishga ahamiyat qaratdi. Muammolar joyida hal etildi.
Shular orasida arnasoylik Go`zal Hamidovaning murojaati ham bor. U ehtiyojmand oilalardan bo`lganligi sababli farzandlarini maktabgacha ta`lim muassasasiga qabul qilishda amaliy yordam ko`rsatishni so`rab murojaat qildi. Arnasoy tumani mutasaddilari esa G.Hamidovaning farzandlarini “Nilufar” nomli 3-sonli maktabgacha ta`lim muassasasiga joylashtirishdi.
Arnasoy tumanida yashovchi Qizlargul Murodova o`z mablag`lari hisobidan uy bog`chasini tashkil etgan. Bog`cha uchun zarur bo`lgan hujjatlarni rasmiylashtirish uning uchun og`ir kechayotgan edi. Bo`lib o`tgan muloqotdan keyin tuman hokimligi tomonidan uy bog`chasiga tegishli hujjatlar rasmiylashtirilishi ta`minlandi va muammo o`z o`rnida echildi.
Ta`kidlash kerakki, sayyor qabulda aholi tomonidan tilga olingan muammolarning echimi qo`shimcha o`rganish, muddat va mablag` talab etiladigan 69 ta murojaatlar yuzasidan viloyat va tuman tashkilotlari hamda idoralariga topshiriq berilib, ijrosi nazoratga olindi.






