Rossiyaning ““TurStat” ” tahliliy agentligining ma`lumotlariga ko`ra, O`zbekiston gastronomik turizm yo`nalishida MDH va yaqin chet el mamlakatlari reytingida kuchli beshlikdan joy olgan. Bular Gruziya, Ozarbayjon, Armaniston, Qozog`iston va O`zbekiston.
Bilamizki, milliy taomlarning tayyorlanish jarayoni bilan o`sha taomlarning vatanida tanishish sayyohlar uchun doim qiziqarli bo`lib kelgan.
Shu bois “O`zbekiston oshxonasi” brendini jahon miqyosida ommalashtirishda jamoat tashkilotlari, xususan, O`zbekiston oshpazlar uyushmasining o`rni alohida.
O`zbek milliy taomlarini dunyoga tanitish, mamlakatimizga sayyohlar oqimini ko`paytirish maqsadida, O`zbekiston oshpazlar uyushmasi 2010 yilda Butunjahon bosh oshpazlar hamjamiyati uyushmasiga, 2017 yilda Butunjahon Islom davlatlari pazandalar uyushmasiga a`zo bo`lgan.
Natijada, ko`plab xorijiy festival, sammit, musobaqa, o`zaro tajriba almashish va shu kabi boshqa tadbirlarda ishtirok etilib, yuksak marralarga erishilmoqda.
Xususan, 2018 yilda “National Geographic” jurnali o`tkazgan “National Geographic Traveler” mukofotida “Gastronomik turizm” “” nominasiyasi bo`yicha O`zbekiston birinchi o`rinni egalladi.
Tanlovda ishtirok etgan respondentlar O`zbekiston uchun 34 foiz, Italiyaga 21 foiz, Ozarbayjonga 17 foiz, Frantsiyaga 13 foiz, Janubiy Koreyaga 5 foiz ovoz bergan.
– Ko`plab sayyohlar O`zbekistonga mamlakatning oshxonasi, an`analari va madaniyati bilan tanishish uchun ham kelmoqda, – deydi O`zbekiston oshpazlar uyushmasi raisi Akbar Umarov.
– Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi turizm sohasidagi jamoat tashkilotlari faoliyatiga alohida e`tibor qaratmoqda. Xususan, o`tgan yili Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi Uyushmamizning faoliyatini institutsional qo`llab-quvvatlab, amaliy yordam bermoqda. Jumladan, Qo`mita ko`magida mamlakatimiz gastronomik turizmini rivojlantirish va ommalashtirishga qaratilgan bir qator loyihalarni amalga oshirmoqdamiz. O`tgan yili avgust oyida Turkiyada bo`lib o`tgan 33-Xalqaro “Mengen” festivalida, 13 ta davlat, jumladan, Germaniya, Niderlandiya, Kipr, Ozarbayjon, Malayziya, Ukraina, Egipit, Bosniya va Gertsegovina, Saudiya Arabistoni va boshqa davlatlar qatorida “O`zbekiston” milliy oshxonasi stendi tashkil etildi va musobaqada 3-o`ringa sazovor bo`ldik.
Ayni vaqtda uyushma O`zbekistonga tashrif buyurgan mehmonlarga o`zbek milliy taomlarini tayyorlash jarayonini namoyish etish va master-klasslar o`tkazishni yo`lga qo`ymoqda. Jumladan, yaqinda amerikadan kelgan bir guruh sayyohlarga o`zbek milliy taomlarini tayyorlash bo`yicha master-klass o`tkazildi. Shuningdek, Amerikalik mashhur bloger Sonni Sadga mahalliy baliqlarimizdan turli taomlar tayyorlash sirlari o`rgatildi. Germaniyalik ekspert Gans Karl Madelung O`zbekistonga tashrifi davomida Toshkent restoranlarida bo`lib, o`z mulohazalarini yozib qoldirdi.
– Sezishimcha, sizlarda oshxonaning jihozlanishidan ko`ra restoranning tashqi va ichki dizayniga ko`proq ahamiyat qaratishar ekan, – deydi sayyohlardan biri. – Faqat yaxshi sharoitdagina a`lo darajali, mazali taom pishirish mumkin. Shu jihatdan qaraganda, Toshkent restoranlari jahon andozalariga uncha mos kelmas ekan. Ammo aminmanki, vaqti bilan bu nuqsonlar bartaraf etiladi.
– Bu kabi muammolar yillar davomida yig`ilib qolgan, jumladan, umumiy ovqatlanish korxonalari, restoran, kafe va boshqalarni xalqaro standartlarga moslashtirish vaqti keldi, – deydi O`zbekiston oshpazlar uyushmasi raisi Akbar Umarov.
– Biroq, sohada faoliyat yuritayotgan korxona rahbarlari jamoat tashkilotlarining rolini u qadar tushunib etgani yo`q. Shu maqsadda, uyushmamiz o`z atrofida umumiy ovqatlanish korxonalarini birlashtirib, xorijdagi etakchi ekspertlar ishtirokida, O`zbekistondagi restoranlarni jahon andozalariga moslashtirmoqdamiz. Bu jarayonda yurtimizning pazandachiligi tarixiga oid muzey tashkil kilish mening orzuim. Chunki o`zbek xalqini boshidagi toji, bu – pazandalik. Qolaversa, uyushmamizda muzey uchun juda ko`p materiallar bor.
Xulosa o`rnida aytish joizki, turizmni jadal rivojlantirishga jamoat tashkilotlarini keng jalb qilinishi sayyohlik yo`nalishlarini ko`paytirish va ommalashtirishga katta hissa qo`shadi. Shunday ekan, bu yo`nalishda respublika miqyosida targ`ibot-tashviqot ishlarini yanada kuchaytirish, qo`shimcha sarmoyalar jalb etish va investision salohiyatni kuchaytirish, yangi ish o`rinlarini yaratishda jamoat tashkilotlarini rolini oshirish dolzarb ahamiyat kasb etaveradi.