Atlantika okeanida maydoni uncha katta bo`lmasa-da, boshqa okean mintaqalariga qaraganda anchagina mashhur bo`lgan hudud bor. Bu taxminiy uchburchakning bir uchi Bermud orollariga, bir uchi Florida yarim oroliga yana bir uchi esa Puerto-Rikoga tutashadi. Bermud uchburchagi deb nom olgan bu hudud nafaqat Atlantika okeanidagi, balki butun er yuzi okeanlaridagi eng jumboqli va xavfli joy hisoblanadi.
Bundan yarim asr oldin, aniqrog`i 1945 yilning 5 dekabrida ayni shu joyda Amerika armiyasiga qarashli 6 ta samolyot g`oyib bo`ladi. Na samolyotning, na halok bo`lgan 27 nafar kishining xabari topiladi. Hech qanday iz yo`q edi. Bu voqeadan keyin uchburchak hududida sodir bo`lan barcha halokatlar jiddiy o`rganila boshlaydi va shu bilan o`tgan asrning afsonasiga aylangan muammo yuzaga chiqadi.
Oldin ham bu hududda turli halokatlar sodir bo`lib turgan, lekin ularda voqea maydoni kvadrat yoki oval shaklida bo`lgan.
Lekin Bermud uchburchagida halokatlar tez-tez va g`ayritabiiy tarzda sodir bo`ladi. Ularning bari Ch. Berlis degan odam tomonidan kitob qilib yozilgan va bu narsa afsonaning tug`ilishiga asos bo`lgan. Berlis surgan eng asosiy da`vo bu erdagi hodisalarni aniq sabablar bilan isbotlab bo`lmasligi edi.
1945 yilning 5 dekabrida yuz beran hodisa haqiqatan ham ajablanarli edi. Shu kuni ertalab Ford-Loderdeyl harbiy-havo bazasidan 19-qiruvchi zvenoning 5 ta “Evenjer” samolyoti 14 ta ekipaj a`zosi bilan uchib chiqadi. Ularning vazifasi AQSh hududiga tegishli bo`lgan suv havzasini tekshiruvdan o`tkazish edi. Biroq samolyotlar bazaga qaytib kelmaydi, radistlarning oxirgi olgan axboroti shu edi “Biz qaerdaligimizni bilmaymiz. Aftidan...” O`sha kuni havo ochiq, uchuvchilar katta tajribaga va stajga ega edilar. Keyingi qidiruv ishlari ham samara bermaydi, aksincha, 13 nafar ekipaj a`zosi bilan birgalikda “Mariner” samolyoti ham aynan o`sha joyda – Bermud uchburchagi hududa g`oyib bo`ladi.
Belis va keyinchalik boshqa mualliflar ham bu kabi o`nlab halokatlarni misol qilib keltiradi. Halokatlar bitta prinsipga asoslanardi – kema yoki samolyot qulay ob-havo sharoitiga qaramasdan izsiz yo`qolardi. Kemalar topilgan taqdirda ham unda birorta tirik jon bo`lmasdi.
19-zveno bilan sodir bo`lgan sirli voqea shunday tushuntiriladi: uchuvchilar qandaydir noma`lum joyga tushib qolgan va haliyam o`sha erda kun kechiryapti. Ular qandaydir vaqt tez o`tadigan makonda va qachondir biz ularni yana uchratamiz! Bermud uchburchagida g`ayrioddiy magnit tortishuvi bor va u sababli samolyot kompaslari noto`g`ri ishlagan. Uchuvchilarni boshqa sayyoraliklar o`g`irlab ketgan bo`lishi kerak...
Oxir-oqibat: “Aslida, bu erda hech qanday g`ayritabiiy narsa bo`lmagan, faqat kema va samolyotlarning halokati boshqa joylardagiga qaraganda ko`p uchraydi, xolos. Kemalarning odamlari bilan yo`qolishi bu hududda qaroqchilik avj olib ketgani bilan bog`liq. G`oyib bo`lgan dengizchilar haqidagi dahshatli tafsilotlar, kapitan stolidagi kofe chashkasining o`z-o`zidan yonib ketishi kabi vahimalar sariq matbuotning uydirmalaridan boshqa narsa emas”, degan qarorga kelinadi.
19-zvenoning siri ochilmasdan qoladi. Samolyotlarning texnik holati yomon bo`lgani yoki kimdir urib tushirgani haqidagi faraz hech kimning kallasiga kelmaydi. Balki bu narsa baza ofiserlari tomonidan biror-bir sirni yashirish uchun o`ylab topilgandir...
Bermud uchburchagidagi halokatlar statistikasi
1945 yilning 5 dekabri. 14 nafar ekipaj a`zosi bilan uchgan 5ta “Evenjer” va uni qidirgani 13 kishilik ekipaji bilan chiqqan “Mariner” samolyoti halokatga uchradi. Asosiy taxminga ko`ra barcha samolyotlar bir vaqtda boshqaruvni yo`qotgan.
1948 yilning yanvari. Bermud orollari – Azor orollari reysi bilan uchgan Angliyaning “Star tayger” samolyoti, keyinroq esa Azorga borishi kerak bo`lgan yana bir samolyot – “Star Eriel” ham g`oyib bo`ladi. Ikki samolyot ham xuddi 19-zvenoda bo`lgani kabi normal ob-havo sharoitida to`satdan aloqani yo`qotadi.
1954 yil. “Super Konstelleyshn” samolyoti va oltingugurt yuklangan “Sautern Diskrikt” kemasi dom-daraksiz ketdi. Nomalum sabablarga ko`ra hech qanday axborot kelmagan. Radistning taxminiga ko`ra unga qaroqchilar hujum qilgan.
1955 yil. Yo`qolgan “Konnemara-IV” kemasi ekipajsiz topildi. Peredatchik soz holatda edi. Ekipajdan tashqari vaxtaning navbatchilik jurnali, seyfdagi boshqa hujjatlar va pul ham g`oyib bo`lgandi. Biroq seyf yopiq holda topilgan.
1962 yil. Benzin tashuvchi KV-50 kemasi 9 nafar ekipaj a`zosi bilan birga izsiz ketdi. Yana o`sha holat – radioaloqa kutilmaganda uzilgan.
1965 yil. S-119 harbiy-tashuvchi samolyoti halokatga uchradi.
Bermud uchburchagi haqidagi afsonaning paydo bo`lishi ancha vaqt oldingi sirli fojealarni ham o`rganishga olib keldi. 1909 yili bu uchburchak hududida “Sprey” yaxtasi izsiz ketgandi. Uni taniqli dengizchi Joshua Slokam boshqargan. U er yuzini kemada bir o`zi aylanib chiqqan va dong qozongandi. Tanish-bilishlarining ko`rsatmasiga ko`ra, dongdor uncha-munchaga halokatga uchrashishi mumkin emasdi. 1918 yilda “Siklop” uglevozi 309 nafar (!) ekipaji bilan yo`qoladi. “Siklop” radioperedatchik bilan ta`minlangan dastlabki kema edi, biroq SOS signali negadir etib kelmagan. Na o`lganlarning tanasi, na halokatga uchragan kema haqida biror ma`lumot topilgan. Bundan ham ancha oldin 1781 yildan 1812 yilgacha bo`lgan vaqt oralig`ida 4 ta Amerika harbiy kemasi sirli ravishda g`oyib bo`lgandi.
Bermud uchburchagida har yili bir necha kema va 1-2 ta samolyot halokatga uchraydi. Uchburchak orqali Karib dengizidagi kurort orollariga o`tadigan o`nlarcha avialiniya bor. Bu hududda tez-tez tayfun-to`fonlar sodir bo`lib turadi, sohil atrofida sayozliklar va marjon riflari ko`p. Bir qancha samolyot va kemalarning halokati hali-hanuzgacha sir bo`lib qolyapti.