Prezident Farg`ona shahridagi «Temurbeklar maktabi»ni borib ko`rdi.
Mamlakatimiz Qurolli Kuchlarini mustahkamlash jarayonida yoshlar o`rtasida vatanparvarlik tarbiyasini kuchaytirish, harbiylarning intellektual salohiyatini yuksaltirishga alohida e`tibor qaratilmoqda. Bugun armiya va harbiy ta`lim muassasalari o`zlikni anglash, milliy g`urur, mustahkam iroda maktabiga aylandi. Yosh askar va kursantlar uchun harbiy qasamyod qabul qilishdan avval «O`zbekiston tarixi» fani va «Temur tuzuklari» kitobi bo`yicha sinov o`tkazish yo`lga qo`yildi.

Prezidentimizning 2017 yili qabul qilingan «Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O`zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qo`llab-quvvatlash to`g`risida»gi farmonida bu borada yana bir muhim band belgilandi. Buyuk sarkarda Amir Temur bobomizning mardligi va vatanparvarligi, jasorati va adolatparvarligini yoshlarimizga o`rnak qilish maqsadida mamlakatimizdagi barcha harbiy liseylarga «Temurbeklar maktabi» deb nom berildi.

Chunki har bir yigit-qiz, ayniqsa, harbiylik kasbini tanlagan yoshlar jonajon Vatanimiz tarixini, xalq qahramonlari, buyuk sarkarda va qo`mondonlar hayoti va jasoratini chuqur bilishi, ular bilan faxrlanishi kerak. Bu insonda milliy g`ururni, vatanparvarlik, fidoyilik hissini tarbiyalaydi.

Farg`onadagi «Temurbeklar maktabi»da ta`lim-tarbiya ishlari shu asosda yo`lga qo`yilgan. Ayni paytda bu erda 437 o`quvchi tahsil olmoqda. Ularga 31 nafar pedagog xodim va 22 nafar harbiy saboq bermoqda.
Maktab yoshlarni Mudofaa vazirligi tasarrufidagi oliy harbiy bilim yurtlari va boshqa o`quv muassasalariga aniq fanlarga chuqurlashtirilgan holda tayyorlashga ixtisoslashgan. Shinam fan sinflari, kompyuter xonalari, kasbiy va tarixiy adabiyotlarga boy kutubxonada buning uchun barcha sharoit yaratilgan.
O`quvchilar darsdan bo`sh vaqtini foydali o`tkazishi uchun turli fan va sport to`garaklari faoliyati yo`lga qo`yilgan.
Davlatimiz rahbari hozirda harbiy liseylarning nomi o`zgargani, endi uning mazmun-mohiyati, ta`lim sifati ham Temur bobomizga munosib bo`lishi zarurligini ta`kidladi.
- «Temurbeklar maktabi» yoshlar ham, ota-onalar ham havas qiladigan maskan bo`lishi kerak. Buning uchun ularning mavqei, saviyasi, bilim berish darajasi yuqori bo`lishi zarur, - dedi Shavkat Mirziyoev.

Prezidentimiz «Temurbeklar maktabi»ni rivojlantirish bo`yicha yangi tizimni belgilab berdi. Unga ko`ra, bu maktablarga yoshlar cheklangan miqdorda tanlab olinadi, o`quvchilar zamonaviy axborot texnologiyalari va kamida ikkita xorijiy tilni puxta o`rganadi, jismoniy tarbiya bilan muntazam shug`ullanib, har tomonlama barkamol, yoshlar orasida etakchi bo`lib shakllanadi. Ushbu maktablar bitiruvchilari oliy ta`lim muassasalariga imtihonsiz qabul qilinadi.
Davlatimiz rahbari «Temurbeklar maktabi»da yaratilgan sharoitlarni ko`zdan kechirdi, o`quvchilar bilan suhbatlashdi.

Shu erda Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari bilan muloqot bo`lib o`tdi. Prezidentimiz ularni yaqinlashib kelayotgan Xotira va qadrlash kuni bilan tabrikladi. Nuroniylar yurtimizga tinchlik-farovonlik tilab duolar qildi.
«Temurbeklar maktabi»ga avtobus sovg`a qilindi.











