AsosiySiyosat

Ikki tomonlama hamkorlikning yangi qirralari

'Ikki tomonlama hamkorlikning yangi qirralari'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o`rinbosari Sodiq Safoev 20 may kuni mamlakatimizga kelgan Evropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining amaldagi raisi, Slovakiya Respublikasi tashqi va Evropa ishlari vaziri Miroslav Laychak boshchiligidagi delegasiya bilan uchrashdi.

Muloqotda O`zbekiston bilan Slovakiya Respublikasi o`rtasidagi ikki tomonlama hamkorlik, xususan, parlamentlararo aloqalar, O`zbekiston va EXHT munosabatlari yuzasidan fikr almashildi.

Mamlakatlarimiz savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni yanada rivojlantirishda katta salohiyatga ega. Bunda qonun ijodkorligi faoliyatini o`rganish va tajriba almashish bo`yicha parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirish muhim o`rin tutadi.

Uchrashuvda mehmonlar O`zbekistonda tub o`zgarishlarni amalga oshirishni ko`zda tutadigan Harakatlar strategiyasi doirasida olib borilayotgan islohotlarga yuqori baho berdi.

Hozirgi kunda Evropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Parlament assambleyasida O`zbekistonning doimiy delegasiyasi faoliyat ko`rsatmoqda. Bu, o`z navbatida, qonun ijodkorligi, parlamentarizm sohasida hamkorlikni yanada rivojlantirish imkonini bermoqda.

Mamlakatimizda EXHTning O`zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi ofisi faoliyat ko`rsatmoqda. Ushbu ofis o`z loyihalari orqali mamlakatimizda xavfsizlik, iqtisodiy-ijtimoiy va ekologik muassasalarning institusional imkoniyatlarini kengaytirishga texnik ko`mak ko`rsatmoqda. 2007 – 2017 yillarda umumiy qiymati 12 million evrodan ziyod 150 dan ortiq ana shunday loyiha amalga oshirildi. Bugungi kunda 20 ta loyiha hayotga joriy etilmoqda.

Uchrashuv yakunida tomonlar O`zbekiston – Slovakiya va O`zbekiston – Evropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti shaklidagi hamkorlik mexanizmini mustahkamlash uchun barcha sa`y-harakatlarni ishga solishga tayyor ekanini bildirdi.

    Boshqa yangiliklar