AsosiyJamiyat

"Salomatlik – 2020" anjumani Toshkentda ish boshladi

Toshkentda 27 noyabr kuni Jahon sog`liqni saqlash tashkilotining “Salomatlik – 2020” siyosatini amalga oshirish bo`yicha oliy darajadagi mintaqaviy anjumani o`z ishini boshladi, deya xabar bermoqda uz24.uz.

O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni saqlash vazirligi va Jahon sog`liqni saqlash tashkilotining Evropa mintaqaviy byurosi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda davlat, jamoat va xalqaro tashkilotlar vakillari, olimlar, milliy va xorijiy ekspertlar ishtirok etmoqda.

Ikki kun davom etadigan xalqaro anjumanda “Salomatlik – 2020” strategiyasining asosiy tamoyillari va yo`nalishlari, O`zbekistonda bu borada erishilayotgan yutuqlar, oziq-ovqat xavfsizligini ta`minlash, ona va bola salomatligini yanada yaxshilashga bag`ishlangan ma`ruzalar tinglanadi, o`zaro fikr almashiladi.

Shuningdek,tadbir doirasida mustaqillik yillarida mamlakatimizda sog`liqni saqlash hamda onalik va bolalikni muhofaza qilish sohasida erishilgan yutuqlarga bag`ishlangan ko`rgazma namoyish etilmoqda.

Anjuman doirasida ishtirokchilar V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan jarrohlik markazining Kardiojarrohlik majmuasi, Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, bolalar sport majmualari faoliyati bilan tanishadi.

Ma`lumot uchun, “Salomatlik – 2020” strategiyasi Jahon sog`liqni saqlash tashkilotining Evropa mintaqaviy byurosi tomonidan ishlab chiqilgan bo`lib, inson salomatligi va bo`lajak nasllar kamolotiga salbiy ta`sir etadigan tibbiy-ijtimoiy, iqtisodiy, ekologik muammolarning oldini olishga yo`naltirilgan.

O`zbekiston so`nggi yillarda “Salomatlik – 2020” strategiyasida ko`zda tutilgan ustuvor yo`nalishlarning har biri bo`yicha nufuzli xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirokida yirik simpozium, konferensiya va forumlar o`tkazib, bu boradagi tajribasi bilan o`rtoqlashishga muvaffaq bo`lmoqda.

    Boshqa yangiliklar