AsosiySiyosat

Germaniya Federativ Respublikasi Prezidenti rasmiy tashrif bilan O`zbekistonga keladi

'Germaniya Federativ Respublikasi Prezidenti rasmiy tashrif bilan O`zbekistonga keladi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning taklifiga binoan Germaniya Federativ Respublikasi Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer joriy yil 27-29 may kunlari rasmiy tashrif bilan mamlakatimizda bo`ladi.

Prezidentlar davlatimiz rahbarining joriy yil 20-22 yanvar kunlari Germaniyaga amalga oshirgan tashrifi davomida bo`lib o`tgan oliy darajadagi muloqotni davom ettirib, siyosiy, savdo-iqtisodiy, investisiyaviy, moliyaviy-texnik va madaniy-gumanitar sohalardagi ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini, shuningdek, O`zbekiston – Evropa Ittifoqi formati doirasidagi aloqalarni muhokama qiladilar.

Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashish rejalashtirilgan.

Tashrif doirasida Frank-Valter Shtaynmayerning O`zbekiston va GFR etakchi kompaniya va banklari, jamoatchilik vakillari bilan uchrashishi, qator sanoat va boshqa ob`ektlar bilan tanishishi ko`zda tutilgan.

Federal prezident Xorazm viloyatiga tashrif buyurib, Urganch davlat universiteti professor-o`qituvchilari va talabalari bilan uchrashadi hamda Xiva shahrining tarixiy va me`moriy obidalari bilan tanishadi.

Tashrif yakunida iqtisodiyot, moliya, ta`lim, sog`liqni saqlash va atrof-muhitni muhofaza qilish sohalarida ikki tomonlama munosabatlarni yanada kengaytirishga qaratilgan kelishuvlar imzolanishi kutilmoqda.

    Boshqa yangiliklar