O`zbekiston va Germaniya Prezidentlarining muzokaralari yakunida ikki tomonlama hujjatlarni imzolash marosimi bo`ldi.
Axborot almashish va uni himoya qilish, parnik gazlari chiqarilishini kamaytirish va iqlim o`zgarishlariga moslashish, «Volkswagen» kompaniyasi bilan hamkorlikda tijorat avtomobillari ishlab chiqarish to`g`risida va boshqa hujjatlar imzolandi. Prezidentimiz ushbu kelishuvlar, ayniqsa, O`zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi bilan Germaniyaning "Integra GmbH" va "Vamed Engineering GmbH" kompaniyalari hamkorligida Toshkent shahrida Yadroviy tibbiyot va nurli terapiya markazini tashkil etish bo`yicha bitim xalqimiz uchun katta ahamiyatga ega ekanini ta`kidladi.

Ommaviy axborot vositalari uchun o`tkazilgan brifingda Prezidentlar muzokaralar an`anaviy do`stlik, ochiqlik va o`zaro anglashuv ruhida o`tgani, muhim kelishuvlarga erishilganini qayd etdi.
– Joriy yil yanvar oyida Berlin shahrida o`tgan uchrashuvimizning mantiqiy davomi bo`lgan bugungi muzokaralar natijalaridan to`la mamnunman, – dedi Shavkat Mirziyoev. – Ikki tomonlama hamkorlikning deyarli barcha yo`nalishlari – siyosiy muloqot, parlamentlararo aloqalar, savdo-iqtisodiy, investisiyaviy, madaniy-gumanitar va boshqa ko`plab sohalarga doir masalalar atroflicha ko`rib chiqildi. O`zbekiston va Germaniya hamkorligining bugungi holati muhokama qilinib, kelgusi ustuvor yo`nalishlar va vazifalar belgilab olindi.

– O`zbekistonda siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy sohalarda o`sish ro`y berayotganini ko`ryapmiz va bunga hurmat bilan qaraymiz. Katta delegasiyadan iborat ushbu tashrifimiz ham hamkorlikni kengaytirishga intilishimiz va qo`llab-quvvatlashimizdan dalolat beradi. Mamlakatlarimiz o`rtasida va Evropa Ittifoqi doirasidagi aloqalarga doir keng ko`lamli masalalarni muhokama qilganimizdan, ularning natijalaridan mamnunmiz, – dedi Frank-Valter Shtaynmayer.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoev ijtimoiy-iqtisodiy va ilmiy-madaniy munosabatlar rivojiga hissa qo`shib kelayotgan Germaniya tashkilotlari va vakillariga minnatdorlik bildirdi.
GFR Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayerning mamlakatimizga rasmiy tashrifi davom etmoqda.









