AsosiySiyosat

O`zbekiston Prezidenti MDH davlatlari huquqni muhofaza qilish organlari rahbarlarini qabul qildi

'O`zbekiston Prezidenti MDH davlatlari huquqni muhofaza qilish organlari rahbarlarini qabul qildi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 31 may kuni Mustaqil Davlatlar Hamdo`stligi Ichki ishlar vazirlari kengashining shu kunlarda Toshkent shahrida o`tayotgan tadbirlarida ishtirok etayotgan MDHga a`zo davlatlar ichki ishlar vazirliklari va idoralari rahbarlarini qabul qildi.

Prezidentimiz Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Qozog`iston, Qirg`iziston, Rossiya, Tojikiston va Turkmaniston delegasiyalari rahbarlarini samimiy qutlar ekan, Hamdo`stlik mamlakatlari huquqni muhofaza qilish organlari o`rtasidagi ikki va ko`p tomonlama hamkorlik aloqalari tobora mustahkamlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.

Bugungi kunda MDH Ichki ishlar vazirlari kengashi samarali hamkorlik, ilg`or tajriba va bilim almashish, shuningdek, terrorizm, ekstremizm, narkotrafik, uyushgan jinoyatchilik va odam savdosiga qarshi kurashishdagi sa`y-harakatlarni yaqindan muvofiqlashtirish uchun muhim mexanizm ekani ta`kidlandi.

Hamdo`stlik hududida jinoyatlar soni keyingi besh yilda 25 foizdan ziyodga qisqargani Kengash faoliyatining natijadorligidan dalolat beradi.

Bundan tashqari, birgina o`tgan yilda qo`shma operasiyalar doirasida giyohvand moddalarning noqonuniy aylanmasi bilan shug`ullangan 892 nafar shaxsning faoliyatiga chek qo`yildi hamda 84 nafar jinoyatchi ushlandi.

Uchrashuvda MDHga a`zo davlatlar ichki ishlar organlari hamkorligini yanada kengaytirish, jumladan, samarali idoralararo hamkorlikni yo`lga qo`yish, qo`shma tadbirlar o`tkazish, kadrlar tayyorlash bo`yicha dasturlarni amalga oshirish istiqbollari ko`rib chiqildi.

Shuningdek, mintaqaviy xavfsizlikning dolzarb masalalari, xususan, Afg`onistondagi vaziyatni tinch yo`l bilan hal etish va transmilliy jinoyatchilikka qarshi kurashishda sheriklikni mustahkamlash yuzasidan fikr almashildi.

Delegasiyalar rahbarlari Prezidentimizga samimiy mehmondo`stlik uchun minnatdorlik bildirib, o`z davlatlari rahbarlarining salomini etkazdilar.

Mamlakatimiz huquqni muhofaza qilish tizimida huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish va profilaktika qilish bo`yicha samarali tizimni shakllantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligi yuksak baholandi.

Hamdo`stlik mamlakatlari huquqni muhofaza qilish tuzilmalari o`zaro qo`llab-quvvatlash hamda umumiy tahdid va xatarlarga qarshish kurashishda sa`y-harakatlarni birlashtirish maqsadida faol hamkorlikni yanada rivojlantirishga tayyor ekani alohida qayd etildi.

Uchrashuv yakunida davlatimiz rahbari MDH Ichki ishlar vazirlari kengashining navbatdagi majlisi muvaffaqiyatli o`tishini tiladi.


    Boshqa yangiliklar