Prezident Shavkat Mirziyoev Ohangaron shahridagi «Qaldirg`och» davlat maktabgacha ta`lim muassasasiga tashrif buyurdi.
1 iyun - Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni arafasida foydalanishga topshirilgan ushbu bog`cha No`g`oyqo`rg`on mahallasi aholisining og`irini engil qildi. Zero, bu erda tashkil etilgan 4 asosiy va 3 qisqa muddatli guruhlarda 160 dan ziyod bolaga zamonaviy sharoitlarda ta`lim-tarbiya berish imkoniyati paydo bo`ldi. Bu erda yozgi o`yin maydonchasi, cho`milish havzasi, futbol maydonchasi, sport va musiqa zallari tashkil etilgan, Xonalar rivojlantiruvchi o`yinlar va ko`rgazmali vositalar, bolalar o`z iqtidorini namoyish etishi uchun zarur barcha imkoniyatlar bilan ta`minlangan. Bog`chada 32 nafar mutaxassis ish bilan ta`minlandi.

Prezident bog`chadagi sharoitlarni ko`zdan kechirdi, soha mutasaddilari va tarbiyachilar bilan suhbatlashdi. Mamlakatimiz kelajagini ta`minlaydigan kadrlarni tarbiyalash maktabgacha ta`lim tizimidan boshlanishi, yangi bog`chalar qurish va bolalarni qamrab olishni kengaytirish orqali bunga zamin yaratilayotganini ta`kidladi.









