Prezident Shavkat Mirziyoev Nurafshon shahrida bosh reja asosida amalga oshiriladigan loyihalar bilan tanishdi.
Ma`lumki, 2017 yili Toshkent viloyati markazi ushbu shaharga ko`chirilgan, o`tgan yili uning bosh rejasi ishlab chiqilgan edi. Bugungi kunda bunyodkorlik ishlari olib borilmoqda. Toshkent yo`li ko`chasi kengaytirilib, bir qavatli eski imoratlar o`rnida ko`p qavatli uylar, ofislar, savdo va xizmat ko`rsatish shoxobchalari qurilmoqda. Yil oxirigacha 8 ta bank filiali va 9 ta ma`muriy bino foydalanishga topshiriladi.
Davlatimiz rahbariga bosh rejaga asosan shaharning markaziy qismini batafsil rejalashtirishga oid ma`lumotlar berildi. Unga muvofiq, bu erda Toshkent viloyati hokimligi, vazirlik va idoralar boshqarmalari, madaniyat ob`ektlari, universitet va maktablar, shifoxona, sport majmualari bo`lishi rejalashtirilgan. Ko`p qavatli uylar energiya tejaydigan materiallardan qurilishi ko`zda tutilgan.
Prezidentimiz birinchi navbatda infratuzilma tarmoqlarini mustahkam qilib qurish lozimligini ta`kidlab, ularni sifatli ekspluatasiya qiladigan mutaxassislar tayyorlash, vazirlik va idoralar binolarini optimal joylashtirish bo`yicha topshiriqlar berdi.