1

Tibbiy madaniyat shifokorga nisbatan munosabatdan boshlanadi

Jamiyat 10.06.2019, 20:50
Tibbiy madaniyat shifokorga nisbatan munosabatdan boshlanadi

Dunyoda Yaratgan tomonidan ato etilgan ikkita kasb bor: birinchisi — o`qituvchilik, ikkinchisi — shifokorlikdir. O`zining olijanob kasbiga sodiq shifokor har kuni barchamizga oliy insonparvarlik maqsadlariga xolis xizmat qilishning yorqin namunasini ko`rsatadi. Shunga qaramay, tibbiyot xodimlari bilan bog`liq noxush vaziyatlarning tez-tez uchrayotgani, ularni ijtimoiy himoyalash barobarida, huquqiy manfaatlarini ta`minlash ham ayni paytda dolzarb vazifa ekani takror va takror oydinlashmoqda. Jumladan, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan “O`zbekistonda yana bir shifokorga tahdid qilingan video tarqaldi” sarlavhali materialda aks etgan holatni olaylik.

Tibbiy madaniyatning birlamchi belgisi shifokorga nisbatan munosabatdan boshlanadi. Minglab, millionlab insonlar dardiga malham bo`lishga bel bog`lagan tibbiyot xodimlari bemorning qarindoshlari tomonidan haqorat qilinishi, ayrim hollarda esa, hatto, tan jarohati etkazilishini qanday baholash mumkin? Bundan holatlar shifokorlar ruhiyatiga salbiy ta`sir qilishi, shuningdek, yoshlarning ushbu kasbga nisbatan qiziqishining so`nishiga sabab bo`lishi mumkin. – deydi Sog`liqni saqlash vaziri o`rinbosari Elmira Basitxanova. – Jamiyatimizda fuqarolarning shifokorlarga tajovuz qilish kabi holatlarning ko`payib ketayotganini hisobga olib, ushbu illatning oldini olishni eng samarali yo`llaridan biri sifatida tibbiyot xodimiga nisbatan sodir etilayotgan noqonuniy xatti-harakatlar uchun qat`iy javobgarlikni kuchaytirish, huquq-tartibot organlari tomonidan zarur choralar ko`rilishi lozim, deb hisoblaymiz.

Aniqlanishicha, 2019 yil 16 yanvar kuni soat 23:00 larda Navoiy viloyati Navbahor tuman tibbiyot birlashmasi qabul bo`limida shoshilinch tibbiy yordam bo`limi navbatchi terapevt shifokori A.E.ga Navbahor tuman “Arabxona” MFYda yashovchi fuqaro I.E 4 oylik farzandining bezovta bo`lganligi sababli navbatsiz kirib keladi. Shifokor A.E. homilador ayolni tibbiy ko`rikdan o`tkazayotgan bo`lishiga qaramay, bolasini ko`rishini aytadi. Haqoratli so`zlar bilan po`pisa qilib, shifokorga tahdid qilgan va hattoki urmoqchi bo`lgan. Shifokor A.E. pediatr shifokor emasligi hamda pediatr shifokor bo`limda boshqa, og`ir ahvoldagi bolani tibbiy ko`rikdan o`tkazayotganini tushuntirishga qaramay, fuqaro I. E. janjal qilgan va bolasini shifokorlarga ko`rsatmasdan uyiga olib ketgan. Bola bugungi kunda sog`lom, rejali emlashlarni o`z vaqtida olib kelmoqda hamda hudud shifokorlarining doimiy nazoratida turibdi.

Ayni paytda ushbu holat yuzasidan Navbahor tuman ichki ishlar bo`limi tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

– Ma`lumotlarga ko`ra, birgina Resupublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi va uning hududlardagi filiallarida 2018 yil va 2019 yilning o`tgan uch oyi davomida 40 dan ziyod tibbiyot xodimlariga bemor va bemor qarindoshlari tomonidan tan jarohati etkazish bilan bog`liq holatlar qayd etilgan. Ularning aksariyati bo`yicha huquq-tartibot organlari tomonidan tegishli choralar ko`rilgan bo`lsada, hamon etarli chora ko`rilmagan holatlar ham mavjud. Jumladan, Markazning Surxondaryo viloyat filiali pediatriya bo`limida shifokor G.M.ni tibbiy yordam ko`rsatilayotgan bemorning onasi urgan. Shuningdek, Xorazm viloyat filialida 103 chaqiruvida bemor ko`rigi vaqtida shifokor T.Q.ni bemorning otasi mast holda urgan. Har ikki holat bo`yicha tegishli organlarga xabar berilgan bo`lsa-da, hozircha chora ko`rilgani yo`q. Bu kabi misollarni yana ko`plab keltirish mumkin. –deydi Sog`liqni saqlash vazirligi yuridik bo`limi boshlig`i Ruslan Muhammadiev. – Afsuski, yuqoridagi kabi illatlar yo`qolish o`rniga ko`payishda davom etmoqda. Quvonarlisi, biz ichki ishlar, prokuratura idorasi yoki sud xodimiga nisbatan bundaytajovuz bo`lganini juda kam eshitamiz. Bunga nima sabab? Sababi bitta. Qonunni bunday shaklda buzmoqchi bo`lgan fuqaro qilmishi uchun oyog`ini erga tekkizmay olib borib, qamab qo`yishlari mumkinligini biladi. Bu esa bugungi kunda yaxshi profilaktik samara bermoqda. Ular kabi jamiyat va xalqqa xizmat qilayotgan tibbiyot xodimiga nisbatan tajovuz qilganlik uchun ko`zda tutilgan jinoiy jazolar esa birmuncha liberal. Oqibatda esa hech bir aybi bo`lmagan tibbiyot xodimining sog`lig`iga tiklab bo`lmaydigan zarar etkazgan shaxslar ham ayrim hollarda amalda hech qanday jazo o`tamasdan qolib ketayotganligini achchiq alam bilan qayd etib o`tmasdan ilojimiz yo`q.

Nima bo`lganda ham Sog`liqni saqlash vazirligi tibbiyot xodimlarining huquqlari himoya qilinishini ta`minlash, ularni har qanday noqonuniy xatti-harakatlardan asrash bo`yicha qonun hujjatlarida belgilangan vakolatlar doirasida bundan buyon ham tegishli choralarni ko`rib boradi. Shifokorlarimizdan esa bu kabi har qanday noxush vaziyat yuzaga kelib qolganda kechiktirmasdan huquq-tartibot organlariga murojaat etishlarini so`rab qolamiz.

Sog`liqni saqlash vazirligi

Jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1