AsosiySiyosat

Yangi zavodlar ishga tushirilib, qishloq xo`jaligi mashinasozligi sanoati barpo etiladi

'Yangi zavodlar ishga tushirilib, qishloq xo`jaligi mashinasozligi sanoati barpo etiladi'ning rasmi

Prezident Shavkat Mirziyoev 12 iyul kuni Toshkent qishloq xo`jaligi texnikasi zavodiga tashrif buyurdi.

Agrar tarmoqda sifat va samaradorlikni texnika ta`minlaydi. Lekin o`nlab yillar mobaynida turli qishloq xo`jaligi texnikasini ishlab chiqarish va chuqur mahalliylashtirishga etarli e`tibor berilmagani oqibatida texnika parkining yillik yangilanish darajasi 2-3 foizdan oshmas edi. Toshkent qishloq xo`jaligi texnikasi zavodi ham ishlamay, bino va liniyalari qarovsiz bo`lib qolgandi.

Prezident tashrifi bu zavodga katta o`zgarishlar olib keladi. Uning negizida yangi zavodlar ishga tushirilib, tom ma`noda qishloq xo`jaligi mashinasozligi sanoati barpo etiladi.

Jumladan, lokalizasiya darajasini oshirib, importni qisqartirish maqsadida bu erda 5 ta korxona tashkil etish rejalashtirilgan.

Ulardan biri umumiy qiymati 42 million dollar bo`lgan metall quyish korxonasidir. Zavodning 3 gektarlik bo`sh turgan binosida tashkil etiladigan korxonada yiliga 47 ming tonna xalqaro talablarga javob beradigan, yuqori aniqlikdagi metall qismlar quyiladi.

Davlatimiz rahbari ushbu korxona uchun mo`ljallangan binoni kirib ko`rdi.

– Mashinasozlik korxonalari uchun metall quyish quvvati – eng muhim masala. Usiz mahalliylashtirish, mahsulot turlarini ko`paytirish va tannarxini pasaytirishga erishib bo`lmaydi. Bu korxonalarni ishga tushirsak, texnikalarimiz raqobatbardosh bo`ladi, fermerlarimizga hamyonbop mahsulotlar etkazib beriladi, – dedi Shavkat Mirziyoev.

Umumiy qiymati 24 million dollar bo`lgan yana 4 ta loyiha transmissiya vallari, g`ildirak disklari, kabinalar va mahkamlovchi temir buyumlar ishlab chiqarishni o`zlashtirishga qaratilgan.

Ushbu loyihalarni ishga tushirish natijasida sohada mahalliylashtirish darajasi 60 foizga etkaziladi, mahsulot tannarxi 32 foizga va import yiliga 116 million dollarga kamayadi.

Shuningdek, bu yangi quvvatlar nafaqat “O`zagrotexsanoatxolding” korxonalari, balki “O`zavtosanoat” tizimida ishlab chiqarilayotgan avtomobillar, yuk transportlari va avtobuslar uchun ham butlovchi qismlarni kooperasiya asosida etkazib berishni ta`minlaydi.

Davlatimiz rahbari mutasaddilarga mazkur loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirib, kelgusi yil ishga tushirish zarurligini qayd etdi.

Shavkat Mirziyoev traktor yig`ish va payvandlash sexlari, “O`zKlaasAgro” O`zbekiston-Germaniya qo`shma korxonasidagi ishlab chiqarish jarayonini ko`zdan kechirdi. Ularda lokalizasiya darajasini oshirish, yangi qismlar va mahsulotlar ishlab chiqarishni o`zlashtirish bo`yicha ko`rsatmalar berdi.

    Boshqa yangiliklar