AsosiySiyosat

Prezident sirdaryolik faollar bilan suhbatlashdi

'Prezident sirdaryolik faollar bilan suhbatlashdi'ning rasmi

Prezident Shavkat Mirziyoev Xovos tumanidagi «Saxovat» fermer xo`jaligi dalasida bo`lib, g`o`za rivojini ko`zdan kechirdi.

«Bek klaster» korxonasiga qarashli mazkur xo`jalikda joriy mavsumda g`alladan 455 tonna hosil olinib, 314 million so`mdan ziyod sof foyda ko`rilgan. Bo`shagan maydonga eksportbop dukkakli ekinlar ekilgan.

Hozirda 50 gektar maydonda g`o`za parvarishlanmoqda.

Davlatimiz rahbari dalaga kirib, paxta rivojini ko`zdan kechirdi.

Fermerlar Sardoba suv ombori qurilgani, zararkunandalarga qarshi kurashish uchun Sirdaryo viloyatiga byudjetdan 10 milliard so`mdan ziyod mablag` ajratilgani natijasida eng dolzarb masalalar hal etilib, yuqori hosil etishtirilayotganini ta`kidlashdi.

- Dalaga chiqishdan maqsad nima o`zi? Daromad topish! Daromadni esa birinchi navbatda qo`shimcha hosil ta`minlaydi. Shuning uchun terimgacha har bir tupga kamida beshtadan ko`sak, gektariga besh sentnerdan paxta qo`shishga harakat qilish kerak, - dedi Shavkat Mirziyoev.

Shu erda viloyat tumanlari va sektorlar rahbarlari, nuroniylar, fermer va tadbirkorlar bilan uchrashuv bo`ldi. Unda qishloq xo`jaligi va kichik biznesni rivojlantirish, aholi salomatligini mustahkamlash, jinoyatchilikning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida so`z bordi.

Sirdaryo viloyatida bu yilgi hosil uchun 73 ming gektar maydonda chigit ekilgan. Bahor oylari seryog`in kelgani oqibatida ayrim maydonlar buzilib, qayta ekilgan.

Viloyat va soha mutasaddilariga qoloq maydonlarning har bir konturi bo`yicha nazoratni yo`lga qo`yib, biostimulyatorlar bilan ishlov berish, barcha agrotexnik tadbirlarni tizimli tashkil etish bo`yicha topshiriqlar berildi.

Paxtaning xarid narxi o`tgan yilgiga nisbatan qariyb 1,3 barobarga ko`paytirilgani fermerlarning manfaatdorligini oshirgani qayd etildi.

Davlatimiz rahbari yirik sanoat korxonalari bo`lmagan viloyatda yalpi hududiy mahsulotni o`stirish, aholini ish bilan ta`minlashning asosiy manbai kichik biznes bo`lishi kerakligini ta`kidladi. Shuningdek, jinoyatchilikning oldini olish, aholi salomatligini mustahkamlashga qaratilgan ishlarni kuchaytirish bo`yicha alohida ko`rsatmalar berildi.


    Boshqa yangiliklar