Toshkent shahar jinoyat ishlari bo`yicha Yakkasaroy tumani sudi O`zbekiston Davlat san`at muzeyi sobiq bosh qo`riqchisi Mirfayzi Usmonovni to`qqiz yilu uch oyga ozodlikdan mahrum etish haqida hukm chiqardi. Bu haqda, «Huquq» gazetasiga asoslanib, «Gazeta.uz» ma`lum qiladi, deb yozadi «Kun» nashri.
Ma`lum bo`lishicha, Usmonov va muzeyning bir qator boshqa xodimlari 1999−2014 yillar davomida muzey kolleksiyasidan ko`plab noyob san`at asarlarini sotib yuborishda va shu yo`l bilan davlatga katta miqdorda zarar etkazishda aybdor deb topilgan.
Usmonov 1999 yil dekabrida muzeyning bosh qo`riqchisi etib tayinlangan. 2000 yil boshida esa u shaxsi tergov davomida aniqlanmagan kimsalarga Oganes Tatevosyan, Aleksandr Nikolaev, Nikolay Karaxan, Rixard-Karl Zommer, Viktor Ufimsev kabi rassomlarning muzeyda saqlanayotgan suratlarini olib chiqib berishga va`da qilgan.
Muzey restavratori Abdurahmon Muranov va lavozimi ma`lum qilinmagan fuqaro Bobur Meliev bilan til biriktirgan holda, 2000 yil yanvarida Nikolaevning «Bolaning rasmi» suratini noma`lum shaxslarga 100 dollarga sotib yuborishadi va eksponatni nusxa-surat bilan almashtirib qo`yishadi. O`sha yilning o`zida xuddi shu yo`l bilan Tatevosyanning «Choyxona» asarini 800 dollarga sotishadi.
Oradan etti yil o`tib, 2007 yil martida xuddi shu uchlik noma`lum shaxslarga Nikolaevning «Meva olib ketayotgan qiz» suratini 400 dollarga, oradan ikki yil o`tib Karaxanning «Hovuz bo`yidagi qizlar»ini 800 dollarga sotib yuboradi.
2009 yilda Usmonov boshchiligidagi guruh Zommerning «Tog` daryosidagi ko`prik» va «Kabobxona», Tatevosyanning «Buxoro» va «Dengiz» suratlarini qalbakilashtirib, asl suratlarni jami 2,6 ming dollarga sotib yuborgan.
Guruh mo`yqalamda ishlangan suratlar bilan cheklanib qolmasdan, muzeyda saqlanayotgan tarixiy fotosuratlarni ham pullab yuborgan. Xususan, tarixiy yodgorliklarning Saudiya Arabistoniga tegishli fotoalbomi 300 dollarga sotib yuborilgan.
Tergovning aniqlashicha, ushbu noqonuniy faoliyatga muzeyning boshqa xodimlari ham jalb etilgan. Jumladan, eksponatlarni qayta tiklash laboratoriyasi boshlig`i o`rinbosari Baxtiyor Botirov bilan til biriktirgan holda, Evropa tasviriy va amaliy san`at bo`limi zahirasidagi 25 dan ortiq suratlarning nusxalari ishlanib, asllari sotib yuborilgan. Ularning orasida Arxip Kuinjaning «Oy oqshomi», Yan Feytning «Qush sotuvchi», Lorenso di Kredining «Madonna chaqaloq va farishtalar bilan» suratlari va boshqalar bor.
Sud qaroriga asosan, Muranov va Botirov sakkiz yilga ozodlikdan mahrum etilgan, eksponatlarni qalbakilashtirish va sotishda ishtirok etgan muzeyning boshqa xodimlari ham tegishli jazolarni oldi.
«Muzey xodimlari tomonidan sotib yuborilgan asarlarning taqdiri haqida gazetada axborot berilmagan», – deyiladi «Gazeta.uz» xabarida.
16.12.2014 14:39