1

​Toshkentda "Qo`qon shamoli" esganda...

Madaniyat 22.09.2019, 15:26
​Toshkentda "Qo`qon shamoli" esganda...

Kuni kecha “Media-xoll NAESMI” (“Zarafshon”) zalida “O`zbekkino” buryurtmasiga binoan suratga olingan “Qo`qon shamoli” tarixiy badiiy filmini ko`rdik. Ochig`ini aytish kerak, biz oxirgi yillarda tarixiy filmlar deganda faqat koreys, turk, xitoy, hind va boshqa xalqlar kinoustalari tayyolagan filmlarni tushunadigan bo`lib qolgandik. Bundan 4-5 yil avval kino sohasining mutasaddilaridan biri bilan suhbat chog`ida “Nima uchun bizda xalqimiz tarixini aks ettiradigan filmlar, seriallar suratga olimayapti?” deb so`raganimda, “yuqori”dan ruxsat berilmayapi, chunki tarixda turli davlatlar o`rtasida munosabatlar turlicha bo`lgan, masalan Amir Temur Moskvagacha kirib borgan, Xitoyga qarshi yurish qilgan, hozirgi Eron, Iroq, Hindiston, Pokiston kabi mamlakatlarni bosib olganini ko`rsatishimiz kerak, bosmachilarni suratga olsak, baribir islom dini haqida gapirish kerak, ularning ruslarga qarshi kurashini ko`rsatish kerak, xullas bitta tarixiy film deb hozirgi xalqaro munosabatlarga daxl qilishimiz mumkin” deb javob qaytargandi. Ajab nima uchun boshqa davlatlar xalqaro munosabatlarni o`ylamay, tarixiy mavzuda filmlar olaverarkin, deb ajablangan edim. Chumchuqdan qo`rqqan tariq ekmaydi-ku?

Bugun davr talablari boshqacha. Davlat rahbarining o`zi tarixiy filmlarni suratga olish lozimligini aytib turibdi. Ana shu talablar tufayli bir qancha filmlar suratga olinib, tomoshabinlarga etib ham bordi.

“Qo`qon shamoli” filmi ham bu yo`nalishdagi navbatdagi qadam bo`ldi. Ochig`i, filmning boshini ozroq ko`rib, chiqib ketmoqchi edim – boshqa ishlarim ham bor edi. Ammo, qiziqish ustun kelib, oxirigacha ko`rdim. Film ustida ijodkorlar yaxshigina ter to`kkani ko`rinib turibdi. Uni suratga olishda tarixchilar, adabiyotshunoslar, diniy ma`rifat egalarining xizmati yaqqol ko`zga tashlanadi. Intrigalar yaxshi o`ylab topilgan, Dialoglar puxta tuzilgan. Tarixiy voqelikni imkon qadar real bo`yoqlarda ochib berishga harakat qilingan. Aktyor va aktrisalar ham o`z rollarini mahorat bilan ijro etishgan deyish mumkin.

Ammo, baribir ayrim kamchiliklar ko`zga tashlanadi. Deylik, film asosan XIX asr boshlarida Qo`qon taxti uchun olib borilgan ichki ziddiyatlar tasviri bilan cheklanib qolgandek. Filmda o`sha davrdagi oddiy xalqning hayoti, turmush tarzi etarlicha ochib berilmagan. Qahramonlarning suhbatida o`sha davr so`zlashuv tili uncha sezilmaydi. Buni film ijodkorlari “tomoshabin, ayniqsa yoshlarga tushunarli bo`lishi uchun qilingan harakat” sifatida izohlashdi. Qabul qildik.

Ma`lumki, Nodirabegim ushbu filmning asosiy qahramonlaridan biri va o`z davrining eng yorqin shaxslaridan edi. Ammo negadir Nodirabegim siymosi siyosiy ziddiyatlar, beklar va xonzodalarning o`zaro kurashlari soyasida qolib ketgandek. Filmda Nodirabegimning loaqal bir-ikki bayti ishlatilganida yaxshi bo`larmidi? Nazarimda Amir Umarxon obrazi ham o`ta ideallashtirib yuborilgandek tasavvur uyg`otadi. Albatta, u adolatli hukmdor, shoir, madaniyat homiysi sifatida tarixda qolgan. Ammo, u ham o`z davrining vakili edi. O`sha davrga xos qarashlar, siyosiy yondashuvlar unga ham begona emasdi.

Bu, albatta, shaxsiy fikrlar xolos. Filmning ijobiy jihatlari uning kamchiliklarini yashira olsa kerak. Xullas, tomoshabin film orqali o`sha davrdagi tariximiz haqida muayyan tushuncha hosil qila oladi.

Umuman olganda, so`nggi paytlarda “O`zbekkino” tizimida katta ijobiy o`zgarishlar bo`lishi kutilmoqda. Bundan keyin suratga olinadigan filmlar yanada pishiq, mukammal bo`lishiga umid qilamiz.

Rustam JABBOROV.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1