1

“Kelinimni uydan chiqarib yuborishga haqqimiz bormi?”

Savol-javob 30.09.2019, 13:10
“Kelinimni uydan chiqarib yuborishga haqqimiz bormi?”

— O`g`lim yoqtirgan qiziga uylandi, bolasi tug`ilguncha inoq edi. Ayolimning gapiga kirib, kelinni uyimga “propiska”ga qo`ygandim. Ammo kelishmovchilik sabab o`g`lim bilan ajrashdi. O`g`lim farzandi uchun aliment to`layapti. Kelin esa hamon uyimizda biz bilan birga yashayapti. Biroq xotinlik, kelinlik vazifalarini bajarmaydi. Kelinimni uydan chiqarib yuborishga qonuniy haqlimizmi?

R. Ahmedova, Toshkent viloyati

O. PARPIBOEVA, Toshkent viloyat hokimi o`rinbosari Xotin-qizlar qo`mitasi raisi:

— Murojaatingizni o`rganish jarayonida o`g`lingiz 2013 yil Chinoz tumanida yashovchi fuqaro bilan oila qurgani, bir nafar farzandi borligi, oilada doimiy ravishda kelishmovchiliklar bo`lgani aniqlandi. 2015 yilda FIB Zangiota tumanlararo sudining hal qiluv qaroriga asosan uy-joydan foydalanish huquqi bilan keliningiz uyga kiritilgan, biroq oilaviy kelish-movchiliklar bugungi kunga qadar davom etayotgani, alimentni o`z vaqtida to`lanayotgani ma`lum bo`ldi. Bir necha yillardan buyon yarashtirish uchun choralar ko`rilgan, o`g`lingizning oilasi MFYning notinch oilalar ro`yxatiga kiritilgan. Keliningizni uydan chiqarib yuborish borasidagi nizoli holat yuzasidan FIB Zangiota tumanlararo sudiga murojaat etish tavsiya etiladi.

Sherzod RAJABOV, Fuqarolik ishlari bo`yicha Mirzo Ulug`bek tumanlararo sudi raisi:

— Amaldagi uy-joy qonunchiligiga ko`ra, turar joy mulkdorining oila a`zolari deb, u bilan doimiy birga yashayotgan xotini (eri) va ularning farzandlari tan olinadi. Er-xotinning ota-onasi, shuningdek, mulkdor bilan doimiy birga yashayotgan oilali farzandlari va ularning er-xotini (ya`ni kelini yoki kuyovi), agar ular ilgari bu huquqqa ega bo`lmagan bo`lsa, faqat o`zaro kelishuvga binoan mulkdorning oila a`zolari deb tan olinishi mumkin.

Agar, keliningizni uy-joyga ro`yxatga qo`yib, keliningiz sizlar bilan birga yashagan bo`lsa, u ham farzandingiz singari oila a`zoingiz hisoblanadi.

Uy-joy kodeksining 74-moddasi talabiga ko`ra, agar turar joy mulkdorining oila a`zosi turar joyni buzayotgan yoxud shikastlantirayotgan yoki undan o`z maqsadi bo`yicha foydalanma-yotgan yoxud turmush qoidalarini muntazam buzib, boshqalarning u bilan bir kvartira yoki bir uyda yashash imkonini bermayotgan bo`lsalar, bunda ogohlantirishlar va jamoat ta`sir choralari natija bermagan bo`lsa, turar joy mulkdori yoki o`zga manfaatdor shaxslarning talabi bo`yicha aybdorlarni ko`chirish boshqa turar joy bermasdan amalga oshiriladi.

Keliningiz tomonidan yuqorida ko`rsatilgan holatlardan biri sodir etilgan deb hisoblasangiz, uyingiz joylashgan hududdagi FIB sudga keliningizni boshqa turar joy bermasdan ko`chirish haqidagi da`vo ariza bilan murojaat qilishingiz mumkin.

Sadoqat ALLABERGANOVA

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1