1

Yillar davomida o`ta xavfli kasalliklarning O`zbekiston hududiga kirib kelishiga yo`l qo`yilmadi

Jamiyat 11.10.2019, 21:51
Yillar davomida o`ta xavfli kasalliklarning O`zbekiston hududiga kirib kelishiga yo`l qo`yilmadi

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 9 sentyabrdagi “O`zbekiston Respublikasida sanitariya-epidemiologiya xizmati tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi farmoni soha yo`nalishida yangi rivojlanish davrini boshlab berdi. Unga muvofiq davlat sanitariya-epidemiologik markazlari negizida ikkita tizim – O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi hamda Sog`liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi tuzildi.

Mutaxassislar so`zlariga ko`ra, amalga oshirilayotgan profilaktik va epidemiyaga qarshi kompleks tadbirlar natijasida joriy yilning o`tgan davrida ayrim yuqumli kasalliklarning ko`rsatgichlari sezilarli kamayishiga erishildi.

Jumladan, 1991 yildan 2018 yilga qadar ich terlama kasalligining ko`rsatgichlari 246,6 marotabaga, salmonellyoz 12,4, o`tkir ichak kasalliklari 4,5, bakterial dizenteriya 5,4, virusli gepatitning A turi 5,4, yuqori nafas yo`llarining o`tkir respirator kasalliklari 6,8, marotabaga va gripp kasalligi 9,8 marotabaga kamaydi.

Tahlillar shuni ko`rsatdiki, respublikada 16 yoshgacha bo`lgan bolalar o`rtasida virusli gepatitning V turi ro`yxatga olinmagan va rotavirus ichak kasalliklari esa 35-40 foizga kamayishi kuzatilgan. Qator yillar mobaynida difteriya, qoqshol va 16 yoshgacha bolalar o`rtasida virusli gepatitning V turi qayd etilmadi. Shuningdek karantin va o`ta xavfli kasalliklarning O`zbekiston hududiga chet davlatlardan kirib kelishi va tarqalib ketishiga yo`l qo`yilmadi, deb yozadi O`zA.

Bolalar o`rtasida yuqumli kasalliklarning oldini olish masalasiga ham alohida e`tibor qaratib kelinmoqda. Milliy emlash kalendariga muvofiq, bolalar 12 xil yuqumli kasallikka qarshi davlat byudjeti hisobidan bepul emlab kelinmoqda. Bolalarni emlash talab darajasida yo`lga qo`yilgani natijasida bir qancha yuqumli kasalliklarning tugatilishiga erishildi. Shu bois 2002 yilda Jahon Sog`liqni saqlash tashkilotining “O`zbekiston shol kasalligidan xoli hudud” ekanligi to`g`risida sertifikati, 2017 yilda Jahon Sog`liqni saqlash tashkilotining Evropa regional byurosiga a`zo bo`lgan 53 davlat ichida oltinchi bo`lib, “O`zbekistonda qizamiq va qizilcha kasalligi eliminasiya qilingan”ligi to`g`risida tegishli hujjati, 2018 yilda O`zbekistonda bezgak kasalligining mahalliy holatlari bartaraf etilganligi to`g`risida Jahon Sog`liqni saqlash tashkilotining sertifikati olindi.

Joriy yilning noyabr oyidan boshlab bachadon rakiga qarshi VPCh vaksinasi bilan respublikada 9 yoshli qizlarni emlash rejalashtirilmoqda. Joriy yilning avgust oyida sohaning tegishli 12 mutaxassisidan iborat guruh Moldova davlati tajribasini o`rganib kelishdi va hozirda emlash tadbirlariga tayyorgarlik ko`rish, tibbiyot xodimlarni o`qitish, tegishli kontingent orasida targ`ibot tadbirlarini amalga oshirish ishlari olib borilmoqda.

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1