AsosiyMadaniyat

Jaxongir Otajonovning lisenziyasi tugatildi

'Jaxongir Otajonovning lisenziyasi tugatildi'ning rasmi

Keyingi paytlarda ayrim san`atkorlar o`zboshimchalik bilan ish tutib kelayotgani sabab, ularning yurish-turishi, kiyinish madaniyati, so`zlashuvi, ya`ni muomala madaniyatida milliy o`zligimizga yot bo`lgan holatlar yaqqol ko`zga tashlanib qolmoqda. Xonandalarda xulq odobi birlamchi bo`lmas ekan, har qanday iste`dod va mahoratli ijro ham ikkinchi darajali bo`lib qolaveradi. Chunki xonandalar xalq nazaridagi inson bo`lganligi bois ularga ayniqsa, yoshlar ergashadi, andoza oladi. Ularning har bir xatti-harakati el nazarida bo`ladi. 

       Co`nggi vaqtlarda Jaxongir Atajanov ana shunday mas`uliyatni biroz unutib qo`ydi, desak xato bo`lmaydi. Joriy yilning may oyi ya`ni muborak Ramazon oyida ijtimoiy tarmoqlarda xonanda Jaxongir Atajanov tomonidan san`atkor odobiga, milliy urf-odatlarimiz va odob-axloq qoidalariga to`g`ri kelmaydigan nomunosib harakatlar kuzatilgandi. Bu shunchaki o`zini ko`z-ko`z qilish maqsadidami yoki boshqa maqsaddami, baribir ijtimoiy tarmoqlardagi bunday ko`rinish yoshlar orasida, jamoatchilik o`rtasida san`at ahli to`g`risida salbiy fikr uyg`otmasdan qolmagan edi. 

      2019 yil 9 oktyabr kuni “O`zbekiston” telekanali orqali efirga uzatilgan “Munosabat” tok-shousining O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senati Kengashlarining 2019 yil 14 sentyabr kuni “To`ylar, oilaviy tantanalar, ma`raka va marosimlar o`tkazilishini tartibga solish tizimini yanada takomillashtirish to`g`risida”gi qo`shma qarori ijrosiga bag`ishlangan sonida studiya monitorida to`ylardan olingan ayrim lavhalar muhokama qilindi. Bu lavhada xonanda Jaxongir Atajonov bilan bog`liq tasvirlar ham aks etib, ishtirokchilar bunga salbiy munosabatlarini bildirishdi. Ushbu ko`rsatuvdan so`ng joriy yilning 11 oktyabr kuni “Qalampir.uz” saytida “Jamoatchilik xonanda Jaxongir Atajonovning lisenziyasini olib qo`yishni talab qilyapti” mavzusida maqola e`lon qilindi. Mazkur maqola ijtimoiy tarmoqlarda jamoatchilik o`rtasida muhokamalarga sabab bo`ldi.  

       Shunga qaramay, xonanda J.Atajanov jamoatchilik e`tirozidan to`g`ri xulosa chiqarish o`rniga ijtimoiy tarmoq orqali chiqish qilib, “Ollaring mani lisenziyamni, maza qillaring, agar shu bilan madaniyatli bo`lsalaring. Man xursand bo`laman... xalq madaniyatli bo`lib ketib qolsa shu bilan...” qabilida turli fikrlar bildirdi. Xonandaning ushbu chiqishi ijtimoiy tarmoq orqali yoshlar orasida va jamoatchilik o`rtasida salbiy fikr uyg`otmasdan qolmadi. Xonanda o`zining ma`naviy qadriyatlarimizga mutlaqo yot bo`lgan bu kabi nomunosib harakatlari orqali Muassasa bilan tuzilgan lisenziya bitimi talab-shartlarini muntazam ravishda buzib kelmoqda.  

    Yuqoridagilarni inobatga olib, lisenziat J.Atajanov bilan tuzilgan lisenziya bitimida mavjud talablar va shartlar muntazam ravishda buzilganligini inobatga olib, “Faoliyatning ayrim turlarini lisenziyalash to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Qonunining 23-moddasi hamda O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 9 dekabrdagi 354-son Qarorining 1-ilovasi bilan tasdiqlangan Nizomning 37-bandiga asoslanib, Atajanov Jaxongir Saparbaevich nomiga konsert-tomosha faoliyatini amalga oshirish huquqi uchun berilgan AA-seriyali, 7422-son lisenziyaning amal qilishi 2019 yil 14 oktyabr kunidan tugatiladi. Shu o`rinda xonanda J.Atajonovga konsert-tomosha, to`y-yubiley va boshqa tantanalarda lisenziyasiz faoliyat ko`rsatish qonunchilikka asosan javobgarlikka tortilishini eslatib o`tamiz. 

    Shu bilan bir qatorda, barcha san`at ahlini ijtimoiy tarmoqlarda san`atkor odobiga zid turli xil bema`ni so`zlarni tarqatmaslik, jamoatchilik o`rtasida san`atkorlarga nisbatan noo`rin munosabat shakllantirilishiga yo`l qo`ymasliklari borasida ogohlantiramiz.

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar