AsosiyJamiyat

Og`ziga kelganni yozmoq...ning ishi

'Og`ziga kelganni yozmoq...ning ishi'ning rasmi

Tanaffus vaqti berilgan uyga vazifani muhokama qilib o`tirgan edik. Adabiyot o`qituvchimiz kirib keldi-yu dars boshlanguncha indamasdan xonada bizni kuzatib o`tirdilar.So`ngra berilgan topshiriq: Pirimqul Qodirovning "Yulduzli tunlar" asari yuzasidan savol bera boshladilar:
-...Mayli endi, g`oyani har bir qalb har xil tushunadi. Siz, asar tiliga e`tibor berdingizmi?
... Hamma og`ziga talqon solgandek jim qoldi. Haqiqatan ham, bo`lajak tilshunoslar bo`la turib tanganing ikkinchi tomonini nazardan chetda qoldiribmiz. Keyin ustoz qo`liga kitobni oldi-yu o`n olti yoshli Bobur Mirzoning: "Ishondim, onajon! Siz bilan egachim mening dilimda o`chib qolgan umid chiroqlarini qayta yondirganday bo`ldilaringiz.", - jumlalarini keltirib sekingina gap boshladi.
- Ushbu parchada nimani ko`rdingiz?
- ... 
- Mana gap nimada! Qarang! Bobur opasiga "egachim", ya`ni onamdan keyingi egam deya qilayotgan murojaatida xalqimizning qanchalik madaniyat sohibi ekanligidan dalolat beradi. Qahramonning garchi taxt vorisi, yigit kishi bo`lishiga qaramay, ojizaga egam, xo`jaynim tarzidagi cheksiz hurmatini yozuvchi shu darajada chiqarib berganki ( egachi emas adabiy til me`yori doirasida opa so`zini ayttirganda ham bo`lardi-ku), tahsin aytmaslikning iloji yo`q. Bu ham tilimizning yana bir yashirin qirralaridan ustalik bilan foydalanishdir. Bu singari ajabtovur ixtirolar asarda keragidan ortiq topiladi. Harakat qilsangiz, nafaqat, "Yulduzli tunlar"dan balki, boshqa ijodkorlar merosidan ham ko`plab topish mumkin...
 

Rosti, juda uyaldim. O`zim ijodiy mashqlar qilib yurib asarlarga hech shu jihatdan "razm sol"maganimdan koyinib, uyga boriboq sinchiklab o`qiy boshladim. "Tog`oyim", "amakim" yanglig` bir qator kalomlarining ma‘nosi borasida mulohaza yuritar ekanman, o`zimga o`zim sharh qilganimda, chindan ham, "tog`oyim" oyimning tog`i, "amakim" ammamning akasi so`zlaridan qadimda ham bizning ayollarga nisbatan katta ehtirom bildirilganligini P. Qodirov juda chiroyli dalillab bera olganligiga iymonim komil bo`ldi. Bundan tashqari ham ko`plab mana shunday chuqur mushohadaga chorlaydigan istilohlarga guvoh bo`ldim. Mutolaa jarayonida shu yo`ldan borsa, har qanday kitobxon ham bemalol turkiy tilimizning qanchalik boyligiga qayta-qayta ishonch hosil qilsa bo`ladi, desam adashmayman.Bu harflar birikmasining har biri tagzaminiga"kirib borgan"im sayin xuddi kashfiyot yaratgandek zavq bag`ishladi. Men bu ishni muntazam davom ettirganim sari "zar qadrini zargar biladi" deganlaridek, so`zdan so`zning farqini tushunib boryapman shekilli, tilimizning shevaga xos va chetdan o`zlashish hisobiga boyishi, ayrim hollarda adabiy nutq me`yorlarining buzilishiga olib kelayotganining bilvosita shohidi bo`layotirman. Shu bilan bir qatorda so`zlashuv uslubining yozma nutqqa keng ko`lamda kirib kelishi mualliflarimiz bilim doirasining pasayishi bilan birga o`quvchi saviyasining tushib ketayotganidan dalolat. Eng og`riqli o`rni, bu ayni paytdagina emas, avvaldan, surunkali davom etayotganidadir. Sababi shundaki, aynan shunga o`xshash hodisa to`g`risida o`tgan asrning boshlari va o`rtalarida ijod qilgan publisistikamizning yorqin vakillaridan tortib, adabiyotimizning etuk darg`alari orasida katta muhokama bo`lgan "kasallik"ning hozirgacha ham kamayishi o`rniga qamrovining kengayib borayotgani hadik uyg`otadi, kishida. Nahotki, biz tilimizga shunchalik e`tiborsizmiz?!
 

To`g`ri, hech qaysi til faqat o`z hududida yashamaydi, biroq har qanday oqimni ham boricha yoki tizim doirasida qabul qildirish til muhandislari bo`lmish yozguvchiga bog`liq.Guruch kurmaksiz bo`lmaydi deganlaridek, ba`zan badiiy yozilgan ijod namunalarida lahjaga xos so`zlarning (hali, holiyam, ham bog`lov-yuklamaning yamga aylaib ketishi va b.)me`yordan oshishi natijasida g`alizliklarga duch kelamiz,  ayniqsa so`zlashuv uslubidan keragidan ortiq foydalanish (masalan: kelayapmiz so`zidagi o`zak va zamon qo`shimchasi orasidagi a tovushining orttirib og`zaki nutqdan, yozmaga olib kirish; tog`ga emas toqqa; orzum o`rniga orzuyim qabilida ishlatish va hokazo)hisobiga adabiy, imloviy jarayonimizga qattiq ta`sir ko`rsatayotgani tashvishlanarli hol. Ommaviy axborot vositalarida bu ancha salmoqli qismni tashkil qilishdan tashqari, tarjima asarlariga ham qarmoq tashlanayotgani ba`zi bitiklarda o`zlashmalarning izohsiz qo`llanilishi oqibatida o`quvchida ma`noni noto`g`ri tushunish va so`zdan noo`rin foydalanish hisobiga ham nuqsonlarimiz soni "bolalab" borayotganini aytib o`tishimiz joiz.

Tilni qaytariqlardan asrash maqsadida uning imkoniyatlaridan foydalanishimiz mumkin, lekin, chegara tushunchasi bor. Asalning ham ozi shirin. Bemor qanchalik og`ir bo`lmasin, hayot-mamot masalasi shifokorning qo`lida.Isbot o`rnida, O`zbekiston xalq shoiri E.Vohidovning "Tirik xazina yoxud jahongashta so`z" maqolasida "...ba`zan rasmiy muloqotlarda ham adabiy til qoidalariga rioya qilmaslik, faqat ma`lum bir hudud doirasida ishlatiladigan sheva elementlarini qo`shib gapirish holatlari uchrab turishi bu masalalarning hali-hanuz dolzarb bo`lib qolayotganini ko`rsatadi."-deya jonkuyarlik bilan aytilgan xitobidan ham anglash mumkin.


Xususan, fuqaro (kambag`alning ko`plik shakli), axborot (arabcha - xabarning ko`pligi), fuzalo( fozil ya`ni olimlarning guruhi) va shunga o`xshash boshqa atamalar yuqoridan ko`rinib turibdiki, grammatik o`rinsiz -lar qo`shimchasining qo`shilishi oqibatida so`zning buzilishini shunchaki qabul qilayotganimiz aslida kundek ravshanligini tan olishni istamapmiz xolos.

Biroq tan olish kerakki, M.Rahmonov, E.Begmatov, S.Ibrohimov, A.Ahmedov, A.Hojiev singari fidoiylarimizning beminnat xizmatlari evaziga yaratilgan "Hozirgi o`zbek adabiy tilining imlo lug`ati"(1995), xususan Sh.Rahmatullaevning ko`p yillik samarali mehnati tufayli dastlabki etimologik lug`atimiz vujudga keldi.Xalqimizda "men bo`laman o`ttiz, sen qilasan to`qqiz" iborasi bejiz qo`llanmagani shu erdan ma`lum-da. Olimlarimiz "oshimizni og`zimizga solib" qo`ysa-da, xoh badiiy, xoh u publisistik, yoki rasmiy uslub bo`lsin ijodimizga befarqlarcha yondashuv, takallumni noto`g`ri va noo`rin qo`llash, dunyoni suv bossa o`rdakka ne g`am qabili ostida oyog`imizga bolta urayotganimiz kun kelib so`ngi pushaymon o`zingga dushmanga aylangan chog`ida tilimiz ko`rkini yo`qotmasada, biz o`zligimizdan ajralib qolmasak bo`ldi


Umida Sattorova, talaba

    Boshqa yangiliklar