AsosiyJamiyat

Yuqori Chirchiqda 7 yoshli bola ota-onasi tomonidan kaltaklandi

Holat rasmiylar tomonidan o‘rganildi.

'Yuqori Chirchiqda 7 yoshli bola ota-onasi tomonidan kaltaklandi'ning rasmi

Bolalar ombudsmaniga Yuqori Chirchiq tumanida istiqomat qiluvchi voyaga yetmagan G.I (2018 yilda tug‘ilgan o‘g‘il bola) ga oid murojaat kelib tushdi.

Bolalar ombudsmani ma’lum qilishicha, shu yilning 30 iyun kuni 7 yoshli bola onasi va o‘gay otasi unga qo‘pol muomala qilishi va kaltaklagani tufayli yarim tunda uyidan qochib chiqib ketib, qo‘shni dala hovli darvozasini taqillatgan va yordam so‘ragan.

Bolalar ombudsmani so‘rovi asosida ushbu hudud "Inson" ijtimoiy xizmati markazi tomonidan holat zudlik bilan o‘rganildi.

Voyaga yetmagan G.I.ning onasi G.K (1995 yilda tug‘ilgan ayol) bilan suhbatlashilib, vaziyat yuzasidan zarur choralar ko‘rildi.

G.I.ning onasi farzandini tarbiyalash borasidagi majburiyatini bajarmaganligi uchun MJTK ning 47-moddasi 1-qismi bilan ma’muriy javobgarlikka tortildi.

Shuningdek, onaga va o‘gay otaga "Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish" to‘g‘risidagi Qonun doirasida bola davlat himoyasida ekanligi tushuntirilib, unga nisbatan qilingan har bir nojo‘ya harakat javobgarlikka olib kelishi to‘g‘risida ogohlantirildi.

Mazkur oilaga oid ijtimoiy keys ochilib, bolani himoyalash choralari ko‘rilmoqda.

    Boshqa yangiliklar