1

Osiyo kubogi-2015. O`zbekiston — «oq bo`rilar» haqida barcha narsa

Sport 10.01.2015, 10:41
Osiyo kubogi-2015. O`zbekiston — «oq bo`rilar» haqida barcha narsa

Avstraliyada boshlangan Osiyo kubogi musobaqasiga faqatgina qit`amizda emas, butun dunyoda qiziqish etarlicha. Jumladan, just-football.com sayti O`zbekiston terma jamoasi, tarkibdagi futbolchilar, murabbiyimiz va taktika borasida maqola e`lon qildi. Uning muhim jihatlarini e`tiboringizga havola qilamiz.

Yuqoriga qarab o`sish
O`zbekiston terma jamoasining Osiyo kubogidagi natijalariga e`tibor qaratadigan bo`lsak, ular musobaqadan-musobaqaga natijani yaxshilab borishganiga guvoh bo`lamiz. Masalan, Osiyo kubogi-2004ni olib qaraydigan bo`lsak, O`zbekiston guruhda 3ta o`yinda g`alaba qozonib, o`z darvozalari daxlsizligini saqlab qolishgan. Ammo chorak finalda Bahrayn to`sig`idan o`ta olishmagan. Avvalgi qit`a chempionatida esa yarim finalgacha ularning yo`lini hech kim to`sa olmadi, ammo final yo`llanmasi uchun bahsda Avstraliyaga 0:6 hisobida yutqazib qo`yishgan. Bronza medali uchun o`yinda ham imkoniyatni boy berishdi.

JCh yo`llanmasi uchun kurashdagi muvaffaqiyatsizlik
O`zbekiston JChda yo`llanmasini qo`lga kirita olmay kelmoqda. JCh-2014 yo`llanmasi uchun kurashda ularga 2ta to`p etmadi xolos. Keyinchalik ular Mundial yo`llanmasi uchun pley-off bosqichida ham omadsizlikka uchrashdi.

Boshqa tomondan O`zbekiston terma jamoasi dastlabki 2ta Osiyo kubogida guruhdan chiqa olmagan, keyingi 2tasida chorak finalga chiqqan. 2011 yilda esa yarim finalgacha etib borgan.

Nima kutish mumkin?
Birinchi navbatda, O`zbekiston tarkibi tajribali futbolchilardan tashkil topgan. Jamoaning hozirgi o`zagi ilk marta 2007 yilgi Osiyo kubogida qatnashgandi. Jasur Hasanov, Azizbek Haydarov, Vitaliy Denisov, Server Jeparov, Temur Kapadze, Ignatiy Nesterov anchadan beri terma jamoa safida o`ynab kelishadi. Bu tomondan o`zbeklar anchadan beri bitta tarkib bilan o`ynab kelishadi, buni Osiyoning boshqa terma jamoalarida ko`rish qiyin.

O`zbekistonning raqib darvozasiga xavf tug`dirish diapazoni keng. Masalan, Server Jeparov butun maydon bo`ylab, Vitaliy Denisov esa chap qanotdan hujumga qo`shiladi. Jasur Hasanov va Sanjar Tursunovning ikki qanotdagi harakatlari bir-birlariga o`xshab ketadi. Ularning o`yinini kamsitib bo`lmaydi.

Taktika tahlili
Mirjalol Qosimov 4-2-3-1 klassik taktik sxemasidan foydalanishni ma`qul ko`radi. Bu taktik uslub ancha qayishqoq (elastik) bo`lib, ko`p o`yinchilar turli pozisiyalarda o`ynashi mumkin. Misol uchun, o`ng qanot yarim himoyachisi markazga o`tishi mumkin. O`zbekistonlik yulduzlar — Jeparov va Odil Ahmedov qit`ada eng universal futbolchilar hisoblanishadi. Ular ham himoyada, ham hujumda birdek harakat qila olishadi. O`zbekiston tayanch yarim himoyasida odatda bir yoki ikki nafar futbolchi o`ynaydi. Bu joyda Temur Kapadzega Aziz Haydarov yordam berishi mumkin.

Markaziy himoyada Islom To`xtaxo`jaev va Anzur Ismoilov o`ynashi kutilmoqda. Ammo bu joyda Odil Ahmedov ham o`ynashi mumkin. Bu tomonlama oldindan taxmin qilish qiyin.

Shuningdek, Qosimov yana bir qancha imkoniyatlarga ega. "Aldamchi to`qqiz" (Jeparov) yoki ikkinchi hujumchi (Vohid Shodiev) uslubidan ham foydalanishi mumkin. Shuningdek, murabbiy klassik vingerlar (Hasanov, Tursunov) xizmatidan foydalanishi mumkin. Yoki Jeparovni chapga qo`yib, undan birdaniga jarima maydonchasiga yurish qiladigan futbolchi sifatida foydalanishi mumkin.

Taktik jihatdan O`zbekiston terma jamoasida jiddiy kamchilik yo`q. Lekin jismoniy jihatdan himoyachilarda muammo bor. Masalan, o`ng qanot himoyachisi Shavkat Mullajonovga nisbatan bosim uyushtirilsa, xatoga yo`l qo`yishi mumkin.

Kuzatishga loyiq futbolchilar
O`zbek futboli rivojlanmoqda. Yangi-yangi iqtidorlar o`sib kelmoqda. Yarim himoyachi Jamshid Iskanderov, hujumchi Igor Sergeev hozirgi O`zbekiston terma jamoasida o`z o`rniga ega bo`lib borayotgan futbolchilar hisoblanadi. Terma jamoada Geynrix va Shaskixning yo`qligini ular bilintirmaslikka harakat qilishadi. "Paxtakor" hujumchisi har ikkala oyoqda birdek zarba bera oladi, bosh bilan yaxshi o`ynaydi.

Bilasizmi?
O`zbekistonning amaldagi chempioni "Paxtakor"dan bor-yo`g`i 3 nafar futbolchi Osiyo kubogi-2015ga taklif etilgan. Ular terma jamoaning eng yosh a`zolari hisoblanishadi.

Osiyo kubogi-2004da esa "Paxtakor"dan birdaniga 12 nafar futbolchi ishtirok etgandi.

Taxmin
O`zbekiston terma jamoasi so`nggi 10ta o`rtoqlik uchrashuvining 7tasida g`alaba qozonishgan (2014 yilning sentyabr oyidan beri). Shunday ekan, ular Avstraliyaga yaxshi kayfiyatda tashrif buyurishgan. Ularda "V" guruhi g`olibi bo`lish uchun yaxshi imkoniyat bor. O`zbekiston chorak finalda Janubiy Koreya yoki Avstraliyani mag`lub etib, yana yarim finalga chiqsa, bundan hayron bo`lmaslik kerak.

Manba: www.stadion.uz.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1