25 oktyabr kuni Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisi bo`lib o`tdi.
Kun tartibida “O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari sayloviga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazishni moliyalashtirish hamda mablag`lardan foydalanish tartibi to`g`risida”gi Yo`riqnomaga o`zgartirish kiritish hamda Ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditasiyadan o`tkazish kabi masalalar o`rin oldi.
Markaziy saylov komissiyasi tomonidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga bo`lib o`tadigan saylovlar bo`yicha saylov kampaniyasini yoritish yuzasidan mamlakatimiz va chet el jurnalistlarini akkreditasiyadan o`tkazish davom etmoqda. Shu kunga qadar MSKga 20 dan ortiq OAV 200 dan ziyod jurnalist va texnik xodimlarini akkreditasiyadan o`tkazishni so`rab murojaat qildi.
Shundan kelib chiqib, bir qator OAV vakillariga mandatlar topshirildi.
Shunigdek, tadbirda yangi talqindagi elections.uz saytining taqdimoti bo`lib o`tdi. Sayt yangi dizayda ish boshladi. Foydalanuvchilar ma`lumotlarni izlashda qiyinchiliklarga uchramasliklari uchun rahbariyat va komissiya a`zolari, normativ-huquqiy hujjatlar, qonunchilik, MSK qarorlari, yangiliklar, xalqaro hamkorlik, eslatmalar hamda OAV uchun kerakli ma`lumotlar bilan to`ldirilgan alohida bo`limlar tashkil etildi. Ma`lumotlar o`zbek tilining lotin va kirill yozuvlarida hamda ingliz va rus tillarida joylashtiriladi.
Shu bilan birga, Qoraqalpog`iston Respublikasi, Toshkent shahar va viloyatlar kesimida har bir saylov komissiyasi haqida ma`lumot olish mumkin bo`ladi. Bu esa vazirlik va idoralar, OAV hamda fuqarolarga barcha saylov komissiyalari bilan aloqa o`rnatishga yordam beradi. Saytda ko`rish qobiliyati past bo`lgan insonlar uchun ham alohida imkoniyatlar yaratildi.
Ma`lum qilinishicha, foydalanuvchilar oldin bo`lib o`tgan saylov hamda referendum natijalari bilan ham tanishib borishlari mumkin.