prezident.uz rasmiy saytining xabariga ko`ra, bugun O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 28 oktyabr kuni aholini uy-joy bilan ta`minlash va ipoteka bozorini rivojlantirish masalalariga bag`ishlangan yig`ilish o`tkazdi.
Hisob-kitoblarga ko`ra, xalqimiz ehtiyojini to`la qondirish uchun har yili 145 ming xonadondan iborat uylar qurish kerak. Buning uchun esa qariyb 30 trillion so`m zarur bo`ladi. Bu mablag` esa davlat byudjetining 23 foizidan ziyodini tashkil etadi.
O`z-o`zidan ayonki, davlat byudjetining buncha qismini birgina shu sohaga ajratib bo`lmaydi. Shuningdek, davlat xususiy sektor ishtirokisiz aholi ehtiyojini to`la qondirishi qiyin. Shu bois yig`ilishda ipoteka tizimiga bosqichma-bosqich bozor mexanizmlarini joriy etish, sohada xususiy sektorning o`rnini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Yangi tizimga muvofiq, ko`p qavatli uy-joy qurilishi tadbirkorlik sub`ektlari tomonidan amalga oshiriladi. Davlat tomonidan er va ipoteka krediti uchun banklarga mablag` ajratiladi.
Uy-joylar narxining oshib ketmasligi va xamyonbop bo`lishini ta`minlash bo`yicha ham zarur choralar ko`riladi. Xususan, 2020 yildan boshlab 16 mingta oilaga boshlang`ich badal va kredit foiz xarajatlari uchun byudjetdan subsidiya ajratiladi. Ushbu subsidiyalar orqali uylar boshlang`ich badalining 10 foizi hamda Toshkent shahri uchun 12 foiz, qolgan shaharlarda 10 foizdan yuqori kredit foizlari qoplab beriladi. Mazkur yangi tizim kelasi yildan Andijon, Namangan, Farg`ona, Buxoro, Samarqand va Toshkent viloyatlari hamda poytaxtimizda tajriba tariqasida joriy etiladi. Qolgan hududlarda eski tartib saqlanib qolib, yangi tizim unga raqobatchi bo`ladi.
Yig`ilishda uy-joylarni tanlashda haqiqatan muhtoj oilalarni tanlab olish mezonlari yo`qligi, tanish-bilishchilik va suiiste`mol holatlari borligi tanqid qilindi.
Mutasaddilarga kam ta`minlangan oilalarni tanlashning shaffof mezonini ishlab chiqish, Iqtisodiyot va sanoat vazirligining tuman (shahar) bo`limlarida Doimiy ishchi komissiyalari tuzish bo`yicha topshiriq berildi. Komissiyada bank, moliya, soliq, mahalla va boshqa idoralar vakillari ishtirok etishi, uylarni berish keng jamoatchilik bilan muhokama qilinishi zarurligi ta`kidlandi.
Yig`ilishda qishloqlarda uy-joy qurish tizimini isloh qilish masalasiga ham e`tibor qaratildi. Bu borada ham raqobat va sifat bo`lishi uchun buyurtmachi funksiyasi “Qishloq qurilish invest” injiniring kompaniyasidan bosqichma-bosqich xususiy sektorga o`tkazilishi belgilandi. 2020 yilda 12 mingta uy-joydan 8 mingtasi amaldagi tartib bo`yicha, 4 mingtasi xususiy sektor tomonidan qurilishi ko`zda tutilgan. Shu munosabat bilan Moliya vazirligi hamda Iqtisodiyot va sanoat vazirligiga uy-joylarni xususiy sektor tomonidan qurishning yangi tartibini ishlab chiqish vazifasi qo`yildi.
Uylar narxini tushirish va sifatini oshirish uchun innovasion qurilish materiallaridan keng foydalanish zarurligi ta`kidlandi.
Masalan, g`isht o`rniga gazobeton va penobetondan foydalanilsa, ishlab chiqarishda gaz sarfi 8 baravar kamayadi hamda issiqlik saqlash 5 baravar oshadi.
Yig`ilishda, shuningdek, shaharsozlik normalarini takomillashtirish, qishloqlarda qurilayotgan uylarni muhandislik infratuzilmasiga ulash, ekin erlariga o`zboshimchalik bilan uy-joy qurilishini oldini olish va muhofazasini kuchaytirish masalalari ham muhokama qilinib, zarur chora-tadbirlar ko`rsatib o`tildi.
Muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilarning axboroti tinglandi va amalga oshiriladigan ustuvor vazifalar belgilab olindi.






