AsosiySiyosat

Nodavlat notijorat tashkilotlari saylovlar uchun nima qila oladi?

'Nodavlat notijorat tashkilotlari saylovlar uchun nima qila oladi?'ning rasmi

O`zbekistondagi islohotlar dunyo hamjamiyati e`tiborida ekan, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, xususan, fuqarolarning davlat va jamiyat ishlarini boshqarishdagi ishtirokini kengaytirish, davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining yanada ochiqligini ta`minlash bo`yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar alohida ahamiyatga ega. 

So`nggi yillarda amalga oshirilgan islohotlar ijtimoiy taraqqiyotda nodavlat sektorining ahamiyatini yaqqol ko`rsatmoqda. Bugungi kunda eng chekka hududda yashayotgan fuqaro bilan mamlakat rahbari o`rtasida aloqani ta`minlashda aynan nodavlat sektori eng samarali mexanizm sifatida namoyon bo`layotganiga guvoh bo`lmoqdamiz.     

O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyaning 58-moddasiga ko`ra, davlat jamoat birlashmalarining manfaatlarini ta`minlaydi, ularga ijtimoiy hayotda ishtirok etish uchun teng huquqiy imkoniyatlar yaratib beradi. 

Bu borada nodavlat-notijorat tashkilotlarning demokratik jarayonlardagi ishtirokini huquqiy ta`minlash ularga qo`shimcha shart-sharoitlar yaratish mamlakatimizni ijtimoiy-siyosiy rivojlantirishning g`oyat muhim sharti hisoblanadi. 

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish bo`yicha maslahat kengashi tuzilishi demokratik yangilanishlar sohasida katta tarixiy voqelik bo`ldi. Mazkur yangilik davlatimiz rahbari mamlakatni yanada jadal va har tomonlama rivojlantirish maqsadida fuqarolik jamiyati institutlari bilan samarali muloqotga hamda keng jamoatchilikni tashvishlantirayotgan dolzarb masalalarni muhokama qilishga alohida e`tibor berayotganligini yaqqol ko`rsatmoqda.

Yaqinda qabul qilingan “Mamlakatimizda ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi islohotlar ustidan jamoatchilik nazorati samaradorligini, shuningdek, fuqarolarning demokratik o`zgartirishlardagi faolligini oshirishga oid qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori shu yo`lda qo`yilgan salmoqli qadamlardan biri bo`ldi. 

Darhaqiqat, muhtaram prezidentimiz tashabbusi bilan fuqarolik jamiyati institutlari bilan bir qatorda har bir fuqaro mamlakatimizda so`nggi yilda amalga oshirilayotgan demokratik yangilanishlarda faol ishtirok etib kelmoqda. Bu avvalambor, fuqarolarning ijtimoiy tarmoqlar va ommaviy axborot vositalari orqali taklif va mulohazalari bilan bir qatorda tanqidiy fikrlarini baralla bildirayotganliklarida ham ko`rinadi. Bu esa o`z navbatida, prezidentimiz ta`biri bilan aytganda, “davlat organlarining xalqqa xizmat qilishiga” omil bo`lib xizmat qilmoqda. 

Demokratik saylovlarni fuqarolik jamiyati institutlari, xususan, nodavlat notijorat tashkilotlarning ishtirokisiz tasavvur etib bo`lmaydi. Ular saylovlarning shaffofligi va ochiqligini ta`minlovchi muhim omil hisoblanadi.

2017–2021 yillarda O`zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo`nalishi bo`yicha Harakatlar strategiyasida belgilab berilgan vazifalarni bosqichma-bosqich amalga oshirish maqsadidadavlat organlarining fuqarolik jamiyati institutlari bilan samarali hamkorligining zamonaviy mexanizmlari izchillik bilan takomillashtirilmoqda. 

Avvalambor, Saylov kodeksi loyihasi nodavlat notijorat tashkilotlar, jamoat birlashmalari va umuman keng jamoatchilik muhokamasidan o`tkazilib, muhokama natijalariga ko`ra loyiha matni ularning takliflari va tavsiyalari asosida takomillashtirilganligini alohida ta`kidlash lozim.   

Qonun hujjatlariga asosan, mamlakatimizda nodavlat notijorat tashkilotlar va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining saylovlarda faol ishtiroki bo`yicha etarli asos va imkoniyatlar yaratilgan. Ushbu imkoniyatlarni bilish va ulardan keng foydalanish, nafaqat saylovlarning demokratik ruhda o`tishiga, balki mamlakatimizda fuqarolik jamiyatining rivojlanishiga ham turtki bo`ladi.

Partiyalar – saylovlarning lokomotivi. Aynan ular orqali nomzodlar ko`rsatiladi, siyosiy raqobat muhiti yuzaga keltiriladi va turli tabaqalarning siyosiy qarashlari ifodalanadi. Partiyalar o`zlarining demokratik yo`l bilan saylab qo`yilgan vakillari orqali siyosiy jarayonlarda ishtirok etadilar. 

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoevning Oliy Majlis palatalari, siyosiy partiyalar hamda O`zbekiston Ekologik harakati vakillari bilan yig`ilishida “Har qanday siyosiy partiya zamon bilan hamnafas bo`lib, uning o`tkir talablariga javob berishi shart” degan fikrni bildirdi. Darhaqiqat, bugungi kunda xalqimiz partiyalardan balandparvoz gaplarni chetga surib, aniq amaliy ishlar bilan saylovchilar ishonchini qozonishini kutmoqda.

Mamlakatimizda saylovga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazish jarayonlari xalqaro normalar hamda demokratik prinsiplarga to`la javob beradigan O`zbekiston Respublikasining Saylov kodeksining qabul qilinishi davlat rahbarining 2017 yil 22 dekabrda Oliy Majlisga yo`llagan ilk Murojaatnomasida belgilab berilgan edi.Mazkur hujjat xalqaro norma va standartlarga mos ravishda nodavlat notijorat tashkilotlar va jamoat birlashmalarining saylovlardagi ishtirokini  aniq belgilab berganligi bilan ham e`tiborlidir. Jumladan, Markaziy saylov komissiyasining majlislariga jamoat birlashmalari va tashkilotlarning vakillari ham taklif etiladi. Jamoat birlashmalari o`z a`zolarining xohish-irodalarini erkin bildirish maqsadida Markaziy saylov komissiyasi yig`ilishlarida ishtirok etishini saylov jarayonining ochiqligi va shaffofligi sifatida e`tirof etish mumkin. 

Shu bilan birga, uchastka saylov komissiyasi a`zoligiga nomzodlar ham fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar tomonidan ko`rsatilishini davlat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlarning saylovlarni tashkil etish va o`tkazishdagi o`zaro manfaatli hamkorligiga misol sifatida aytish mumkin. 

Mazkur kodeksga asosan Fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari vakillari saylovlarda kuzatuvchi sifatida ishtirok etishi mumkin. Bugun mamlakatimizda demokratik institut sifatida shakllangan mahalla instituti vakillari muddatidan oldin ovoz berish, ovoz berish kuni saylov uchastkasining ochilish va saylov natijalarini aniqlash va e`lon qilish jarayonlarini kuzatib borishi mumkinligi milliy demokratik institutning o`rnini yanada oshiradi. Qolaversa mazkur yangilik EXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo`yicha byurosi tomonidan ham taklif etilganligi bilan ham e`tiborlidir. 

Yana shuni qo`shimcha qilish mumkinki, NNTlar saylovoldi tashviqot ishlarida, ovoz berish, saylov natijalarini hisoblashda bevosita ishtirok etish huquqi orqali saylov jarayonining har bir bosqichida samarali jamoatchilik nazoratini amalga oshirish imkoniyati yaratiladi. Shu sababli, mamlakatimizda saylov jarayonlarini oshkoralik, shaffoflik, haqqoniylik, xolislik kabi demokratik prinsiplarini amalga oshirishda NNT lar eng muhim o`rin egallaydi. NNT lar o`z faoliyatini tegishli komissiyalar tomonidan berilgan mandatlar asosida amalga oshirib, saylov uchastkasida ushbu kodeksning talablari buzilishiga yo`l qo`yilgan deb hisoblash uchun asoslar bo`lsa, tegishli saylov komissiyasiga ma`lum qilish lozim hisoblanadi.

Shuningdek, kodeksga ko`ra, Markaziy saylov komissiyasi imzo varaqalari to`g`ri to`ldirilganligini tekshiruvchi Ekspert guruhini tuzishi mumkin. Ekspert guruhi tarkibiga davlat organlari qatori fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ham jalb etilishi jamoatchilik nazorati sifatida jamoat birlashmalari a`zolarining manfaatlari va ehtiyojlarini aks ettirishga asos bo`ladi. 

Shu bilan birga, imzo varaqalarini tekshirishda siyosiy partiyalarning vakolatli vakillari ishtirok etishi katta ahamiyatga ega. Partiyalarga saylov jarayonlarida teng sharoitlar yaratilgan. 

Yuqoridagilarning barchasi saylov jarayonlari yanada oshkoralik ruhida o`tishini ta`minlaydigan yangi, ilg`or amaliyotni joriy etishni tashkiliy-huquqiy jihatdan mustahkamlaydi. Shubhasiz, saylov jarayonlari ustidan fuqarolik jamiyati institutlarining kuzatuv olib borishi, jamoatchilik nazorati va saylovlarda faol ishtirok etishi orqali hayotga tatbiq etilishi mamlakatimizda davlat boshqaruvida ochiqlik va oshkoralikni yanada mustahkamlaydi. 

 

B.Narimanov, Toshkent davlat yuridik universiteti katta o`qituvchisi

Z.Mustafaqulov, Adliya vazirligi bosh konsultanti 

 

    Boshqa yangiliklar