1

Ayyub G`iyos

Mutolaa 30.10.2019, 16:31
Ayyub G`iyos

 

NARGIS SOTUVChI KIShI 

Ozg`in, uzun barmoqlari sovuqdan to`ngib qolgandi. Nargis dastalarini qo`lida tutgancha, o`tgan-qaytganlarga termilar, ammo gapirmasdi. Odamlar qaygadir shoshishar, hech kim to`xtamas, birov unga boqmas, xo`ddi hamma undan qochayotgandek edi. 

Oshxona derazasidan bir muddat unga qarab o`tirdim. Qizimning ovozini eshitmaganimda, balki haliyam qarab o`tirgan bo`larmidim? 

– Oyi, choyingiz sovub qoldi. 

O`girilib kulimsiradim. Ko`zlarim stol ustida turgan guldonga tushdi. Bir necha kundirki,  har kun  ishga borayotib, 2 manatga bir dasta nargis sotib olar, har kuni ish stolimda turgan gullarning hididan rohatlanar, ishdan qaytishda ularni  uyga olib kelardim. Endi oshxonani ham nargis hidi tutib ketgandi. Qizim xam nargisni yoqtirishini bilaman. Nargis ifori uyimizning beton devorlariga, hatto sovuq, men ijirg`anadigan  yotog`imga, ko`rpa-to`shaklargacha   ham singib qolgan.

...U bilan 10-sinfda o`qib yurganimizda tanishdim. Ikkovimiz ham bitta repetitorga qatnardik. Men filologiyaga, u esa huquqshunoslikka tayyorlanardik. Bir kuni saboqdan chiqib, to bekatgacha birga ketdik. Ustozning yonida hush-fikrim faqat darsda bo`lgani uchun unga hozirgidek diqqat bilan qaramagandim. Yoshiga mos bo`lmagan salobati, qat`iyati e`tiborimni tortdi. Ilk bor uning jingalak sochlari, ma`noli ko`zlari, xushbichim yuzlariga qaradim. Bekatda ikkovimiz ham avtobus kutish uchun to`xtadik. Shu payt bir ayol bir dasta nargis gullari bilan bizga yaqinlashdi. Dimog`imga nargis atri urildi. U meng hech narsa demasdan bir bog`lamni gulni sotib olib, ayol uzoqlashishi bilan menga uzatdi:

– Buni senga oldim, - dedi qat`iyatli ovozda. 

Ichimda uyg`ongan oniy sevinchni sirtimga chiqqarmadim. Qoshlarimni chimirib: 

-Sendan gul so`raganmidim? – deb yuzimni chetga burdim. 

Nega shunday qilganimni hozir ham bilmayman. U jim qoldi. Ko`p o`tmay avtobus keldi. Yo`limiz bir edi. U menga yo`l bermoqchi bo`lganida, bosh chayqadim: 

-Sen ketaver, men oyimni kutaman.

-Unda, yaxshi qol, - deya avtobusga chiqdi. Nega bunday qildim o`zi? Axir oyim kelmasligini bilardim-ku? Menga nima bo`ldi? Chamasi, hislarim menga bo`ysunmay qo`ygandi. Shu paytgacha, dars, talabalik istagi bilan to`lib toshgan miyamning bir chekkasidan kichik bir tuynuk ochilgan-u, undan ruhimga  sarin shabada oqib kirar, kimdir qulog`imga 17 yoshimni, go`zal va aqlli qiz ekanimni, menga nargis tutgan yigitning qanchalik munosib ekanini pichirlamoqchi bo`lardi. 

Avtobusning shovqini tingach, o`sha tomonga tikilib qoldim. Birdan ko`zim erda yotgan nargis dastasiga tushdi. Atrofimda hech kim yo`qligidan foydalanib, gullarni erdan oldim. Beixtiyor, o`zim sezmagan holda ularni bag`rimga bosdim va uch bekatlik yo`lni xuddi alfozda bosib o`tdim. 

Mashg`ulotimi yana ikki kundan keyin bo`lishi kerak edi. O`sha kuni darsdan qaytiyu soatimga qaradim. Har doimgidek uy vazifasini bajarish o`rniga, ko`zgu qarshisida o`tirdim, o`zimga nazar tashladim. Tryumo ustida turgan guldonga, undan menga qarab turgan nargislarga boqdim. O`sha kuni mashg`ulotga borish uchun boshqacha kiyindim, hatto lablarimni ham bo`yadim. Lekin u kelmadi. Keyingi mashg`ulotga ham bormadi. Xullas uni qaytib ko`rmadim. Ustozning aytishicha, boshqa repetitor topganmish. Guldondagi nargislar ham kundan-kun so`lib borardi...

...Sovub qolgan choydan bir qultum ichib, derazadan nargis sotuvchi kishiga qaradim. Maoshgacha ikki kun qolgandi. Keyingi kunlari kutilmagan xarajatlarning ko`paygani bois, zahiradagi pullarni ishlatib bo`lgandim. Ikki kunlik yo`lkira va non uchun pul qolgandi, xolos. 

Kiyimimni almashtirib, qaytganimda, qizim derazadan nargiz sotuvchsiga qarab turganini ko`rdim. Meni ko`rishi bilan 

– Nargis olasizmi undan? – deb so`radi.

– Ha, uning yonidan gul sotib olmasdan o`tolmayman. U ham o`rganib qolgan, meni ko`zishi bilan ko`zlari yashnab ketadi. 

– Bechora, sovqotib qopti! Boyadana beri kuzatib o`tiribman, hech kim olmayapti! 

– Hammayam onangdek tentak emas, qizim...

Qizim tushunmagandek, elkasini qisdi.

– Bo`pti, men ketdim, - chiqish eshigi oldida uning peshonaisdan o`pib xayrlashdim. – Darslaringni qil, uydan chiqqaningda, gaz, suv, chiroqni o`chirishni unutma. 

– Xo`p, oyi, har kuni bitta gapni qaytaraverarkansiz-da! 

Kulimsirab, zinalardan pastladim. Ko`chaga chiqishim bilan yuzimga izg`irin  urildi. Muyulishdan piyodalar yo`lagi tomon odimladim. Issiq uydan sovuqqa chiqqanim uchunmi, etim junjikdi. Nargiz sotuvchi kishi qarama-qarshi tomonda turgancha, sovuq qotgan oyoqlarini almashtirib, beixtiyor qo`lidagi nargislarni hidlab qo`yardi. Xuddi qishning qahratonida nargiz iforida isinmoqchiga o`xshardi. 

Yo`lni kechib o`tayotganimda, birdan qattiq shamol esdi-da, erkakning qo`lidagi gullarning bir nechtasini erga uloqtirdi. Erkak beo`xshov hakkalab, erga ochilgan gullarni terishga tutindi. Men esa, fursatdan foydalanib, paltomning cho`ntagidagi ikki manat va tangalarni hovuchlagancha qadamimni tezlatdim. Uzoqlasharkaman, ortimdan kimningdir umidvor nigohlarni his etgandek bo`ldim. 

Men o`zim istamagan holda, kimningdir so`nggi umidini ayovsiz ezg`ilab o`tgandim. To`xtab, chuqur nafas oldim. Cho`ntagimdagi oxirgi ikki manatni berib, sotuvchidan bir dasta nargis sotib oldim. Erkak menga mamnun qarab qo`ydi. 

Har doimgidek, qizim darsdan chiqishi bilan menga telefon qildi. Kun bo`yi uning qo`ng`irog`ini kutayotgandim. Qutichaga yig`ib qo`ygan pulidan bir manat olib, uyga non keltirishini so`radim. (Tunov kuni quchasida ikki manat borligini ko`rgandim) Qizim hurkak bir ovozda: 

–Oyi, men... u pulga nargis sotib oldim, - dedi. 

Ustimdan sovuq suv quyilgandek bo`ldi. Kechqurun uyga non olish uchun pul qolmagandi. 

–Men ham nargis oluvdim-ku, - dedim imkon qadar o`zimni qo`lga olib. 

-Qarab turuvdim, olmasdan o`tib ketdingiz-ku?... Bechora amaki sizning orqanigzdan umidqor qarab qoldi. – shu onda ortimdagi g`oyibona nigoh nargis sotuvchisiga emas, qizimga tegishli bo`lganini angladim. 

O`sha oqshom kartoshka qovurmasini nonsiz edik. Men ham noiloj qizimga nonning zararlari, urush paytida kartoshka non o`rnini bosganini aytib berdim. O`sha kechasi ilk bor uyimiz nargislarga to`la bo`lsa-da, uning iforini tuymadim. O`sha kecha yotog`imga, beton devorlardan nargis hidi sizib kirmadi. 

Shanba kuni bo`lgani bois, ishga bormagandim. Havo quyoshli, shamolsiz bo`lgani bois, elkamga jun kamzulimni tashlab, balkondan qizimning yo`liga ko`z tikib o`tirardim. Nargiz sotuvchi kishi hamon o`sha joyida, o`tgan qaytganga umidqor qarab o`tirardi. Ko`chaning boshida, muyulishda qizimning sinfdoshlari bilan birga chiqib kelayotganini ko`rdim. Biroz gaplashib kelishgach, sinfdoshlaridan ajraldi. Ammo, narigi tomonga keta boshlagan sinfdoshlari orasidan uzun bo`yli, jingalaksoch, did bilan kiyingan yigitcha yana ortiga qaytib, qizimga etib oldi. Nargiz sotuvchisi yonida qizim negadir bir zum to`xtab qoldi. Keyin yana yurishda davom etdi. Yigitcha shu ondan cho`ntagidan pul chiqarib, sotuchidan bir dasta nargis sotib oldi. Keyin piyodalar yo`lagidan kesib o`tayotgan qizimga etib oldi. Yo`ldan o`tishgach, ular ko`zdan yo`qolishdi. Har qancha urinsam-da, ularni ko`rolmadim.

Uyga kirdim. Beixtiyor shaxsiy narsalarim turgan tortmadagi shokolad qutisini ochdim, bir paytlar she`r yozib yurgan daftarcham varaqlari orasida turgan, qurib qolgan gulbarglarni qo`limga oldim. Taxminan 5-10 daqiqadan so`ng eshik qo`ng`irog`i jiringladi. Eshikni ochishim bilan uyimizni nargis hidi tutib ketdi. Nazarimdan bu ifor keyingi 18 yillik umrim osha  sizib kelardi..

                                         Rustam Jabborov tarjimasi

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1