Adliya vaziri Ruslanbek Davletov rahbarligida Respublika ishchi guruhi sayyor qabuli tashkil etildi. Unda bir qancha tadbirkorlik sub`ektlari amaliy yordam so`rab murojaat qildi.
Xususan, “Exim Serlen Hoque Corporation” mas`uliyati cheklangan jamiyati“ Milliy bank” Mirzo Ulug`bek tumani filialidan 600 million so`m kredit olmoqchi bo`lgan. “Technology Hadjar Export” jamiyati esa 30 million so`m kredit olish uchun bankka qatnab sarson bo`ldi.
Ularning so`rovi “Markaziy bank”ning Toshkent shahar bosh boshqarmasi mas`ul shaxslari jalb etilgan holda ko`rib chiqildi. Tadbirkorlarga kredit ajratish uchun hech qanday mo`nelik yo`qligi uchun ularga qisqa muddatda kredit mablag`i ajratiladigan bo`ldi.
“Super Ardua” tadbirkorlik sub`ekti esa ajratilgan er maydonida qurilishni amalga oshirishda yuzaga kelayotgan muammolari bo`yicha murojaat qildi. Mazkur sub`ekt rahbariga zarur huquqiy tushuntirish berildi.
Toshkent shahridagi “International House-Tashkent” hamda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining akademik liseylarida bo`lib o`tgan sayyor uchrashuvlar davomida 200 dan ortiq tadbirkorlik sub`ekti va chet el investorlari ishtirok etib, o`zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi. 50 dan ortiq murojaat qabul qilinib, ko`pchiligi joyida hal etildi.
Muloqotlar davomida er uchastkasi va kredit ajratish, muhandislik-kommunikasiya tarmoqlariga ulanish, buzilgan imoratlarga nisbatan kompensasiya to`lovlarini undirish, bojxona va soliq to`lovlari va boshqa bir qator masalalarda muammolar borligi aniqlandi.
Ma`lumot uchun: Adliya vaziri R.Davletov rahbarligida tashkil etilgan Respublika ishchi guruhi tomonidan joriy yilning iyun oyidan buyon 9 hududda o`tkazilgan sayyor qabullar davomida 6 mingga yaqin yaqin tadbirkorlardan 1 ming 155 ta murojaatlar qabul qilinib, ularning 93,5 foizi hal etildi.
Ma`lum qilinishicha, bunday amaliy uchrashuv va sayyor qabullar mamlakatimizning barcha hududlarida o`tkazilishi rejalashtirilgan.






