AsosiyJamiyat

Zo`ravonlikdan jabrlangan ayollarga himoya orderi qanday tartibda berilishi ma`lum bo`ldi

'Zo`ravonlikdan jabrlangan ayollarga himoya orderi qanday tartibda berilishi ma`lum bo`ldi'ning rasmi

Ichki ishlar vazirligi «Xotin-qizlarni tazyiq va zo`ravonlikdan himoya qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida»gi Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasini muhokamaga qo`ydi.

Qarorga ko`ra, «Tazyiq va zo`ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarga himoya orderini berish tartibi to`g`risida»gi nizom hamda «Tazyiq va zo`ravonlik sodir etgan yoki sodir etishga moyil bo`lgan shaxslarning zo`ravonlik xulq-atvorini o`zgartirish bo`yicha tuzatish dasturidan o`tish tartibi to`g`risida»gi nizom tasdiqlanadi.

Davlat statistika qo`mitasi Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda tazyiq va zo`ravonlik natijasida jabrlanganlar, shuningdek, tazyiq va zo`ravonlik sodir etgan yoxud ularni sodir etishga moyil bo`lgan shaxslar to`g`risidagi yagona elektron ma`lumotlar bazasini shakllantiradi va uning doimiy ravishda yangilanib borilishini hamda vakolatli davlat organlariga integrasiya qilinishini ta`minlaydi.

Tazyiq va zo`ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarga himoya orderini berish tartibi to`g`risidagi nizomga ko`ra, himoya orderi muvofiq seriya va raqamga ega bo`lgan, qat`iy hisobi yuritiladigan, faqatgina tazyiq va zo`ravonlik sodir etgan yoki sodir etishga moyil bo`lgan shaxslarga nisbatan belgilangan cheklovlarni qayd etish hujjat hisoblanadi.

Himoya orderi ichki ishlar organlarining tayanch punkti profilaktika (katta) inspektori tomonidan beriladi.

Profilaktika inspektori jabrlangan xotin-qizlarga va zo`ravon shaxslarga quyidagilarga asosan himoya orderini beradi:

  • tazyiq va (yoki) zo`ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarning murojaati;
  • jismoniy yoki yuridik shaxslarning tazyiq va (yoki) zo`ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlar to`g`risidagi xabarlari.

Fuqarolar yig`inlari raislari va faollari, xotin-qizlar bilan ishlash va oilalarda ma`naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash bo`yicha mutaxassislar hamda vakolatli organlar va tashkilotlar xodimlari yoki boshqa yuridik shaxslar jabrlangan xotin-qizlar bo`yicha ma`lumotga ega bo`lgan vaqtda uni 24 soat ichida muvofiq shakldagi xabarnomani ichki ishlar organlariga yoki profilaktika inspektoriga taqdim etadi.

Jismoniy shaxslar tomonidan og`zaki yoki aloqa vositalari orqali berilgan xabarlar, ichki ishlar organlari navbatchilik qismidagi xabarlarni qayd etish kitobiga yoki tayanch punktida yuritiladigan fuqarolarni qabul qilish kitobga qayd etiladi yoki ularning xohishiga ko`ra sir saqlanishini ta`minlagan holda qonun hujjatlariga muvofiq qayd etiladi.

Olingan murojaatlar va xabarlar ichki ishlar organlari navbatchilik qismi navbatchisi tomonidan belgilangan tartibda qayd etilgandan so`ng, uch soat ichida profilaktika inspektoriga taqdim etadi.

Profilaktika inspektori ichki ishlar organlari navbatchilik qismlari tomonidan hamda taqdim etilgan xabarlarni zudlik bilan o`rganib chiqadi hamda mazkur xabarlarda himoya orderi berishga asos bo`lgan holatlarni aniqlagan taqdirda himoya orderini jabrlangan xotin-qizlarga va zo`ravon shaxslarga belgilangan tartibda rasmiylashtirib beradi.

Shaxs himoya orderini olish va uni imzolashni rad etgan taqdirda, profilaktika inspektori xolislar ishtirokida dalolatnoma tuzadi.

Himoya orderi rasmiylashtirilganda barcha yozuvlar ko`k (havorang) siyohli ruchkada, tushunarli qilib yoziladi.

Himoya orderi uch qismdan iborat:

  • birinchi qism (asli) to`ldirilgandan so`ng jabrlangan xotin-qizlarga beriladi;
  • ikkinchi qism (nusxasi) zo`ravon shaxslarga beriladi;
  • uchinchi qism profilaktika inspektorida qoladi.

Profilaktika inspektori himoya orderini rasmiylashtirishda xotin-qizlarga nisbatan o`tkazilgan tazyiq va zo`ravonlik holatidan kelib chiqqan holda zo`ravon shaxsga «Xotin-qizlarni tazyiq va zo`ravonlikdan himoya qilish to`g`risida»gi qonunining 26-moddasidagi bitta yoxud bir nechta cheklovni birga qo`llashi mumkin.

Himoya orderining amal qilishi quyidagi holatlarda to`xtatiladi:

  • jabrlangan xotin-qizlar himoya orderini to`xtatishni so`rab murojaat qilsa;
  • himoya orderida belgilangan muddat (uzaytirilgan muddat) tugasa;
  • zo`ravon shaxs sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilsa;
  • sodir etgan jinoyati uchun jabrlangan xotin-qizlar yoki zo`ravon shaxslarning biriga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo`llansa;
  • jabrlangan xotin-qizlar yoki zo`ravon shaxslarning biri sodir etgan jinoyati uchun ozodlikdan mahrum etilsa;
  • jabrlangan xotin-qizlar yoki zo`ravon shaxslarning biri qonun hujjatlariga muvofiq doimiy yashash joyidan og`ir kasalligi tufayli yoki uzoq muddatga boshqa davlatga chiqib ketgan bo`lsa;
  • jabrlangan xotin-qizlar yoki zo`ravon shaxslarning biri vafot etsa.

Profilaktika inspektori jabrlangan xotin-qizlar va zo`ravon shaxslar haqidagi ma`lumotlar kiritilgan statistik kartochkalarni bir ish kunida Qoraqalpog`iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Toshkent shahar va Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmalari va viloyatlar ichki ishlar boshqarmalarining axborot izlov bazasi (keyingi o`rinlarda ma`lumotlar bazasi deb yuritiladi)ga kiritish uchun ichki ishlar organlarining huquqbuzarliklar profilaktikasi bo`linmalariga taqdim etadi.

    Boshqa yangiliklar