Adliya vazirligi tomonidan “Qonunchilikdagi yangiliklar” nomli brifing va matbuot anjumani tashkil etildi. Bu haqida O`zA xabar qilmoqda.
Unda dastlab soha mutaxassislari ishtirokida O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 30 oktyabrdagi “2030 yilgacha bo`lgan davrda O`zbekiston Respublikasining atrof-muhitni muhofaza qilish konsepsiyasini tasdiqlash to`g`risida”gi Farmoni bo`yicha matbuot anjumani o`tkazildi.
Farmonga muvofiq Davlat o`rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining kesilishiga moratoriy joriy etildi. Moratoriy 2019 yil 1 noyabrdan 2020 yil 31 dekabrgacha amal qiladi. Moratoriy amal qilish davrida davlat o`rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining kesilishiga ruxsatnoma berish man etiladi. Moratoriy tabiiy omillar yoki zararkunandalar, o`simliklar kasalliklari ta`sirida zararlangan, qurib borayotgan yoki qurib qolgan, shuningdek, fuqarolarning hayoti va sog`lig`iga, yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulkiga xavf tug`diruvchi daraxtlar va butalarni sanitar kesish va qirqishga; yog`och va mevalar olish uchun o`stirilayotgan daraxtlar hamda butalarni (terak va tez o`suvchi boshqa navlar, tut plantasiyalari, mevali daraxtlar va butalar) kesishga; plantasiyalarda o`stirilayotgan va/yoki yuridik va jismoniy shaxslarning mulki hisoblangan daraxtlar hamda butalarni kesishga joriy etilmaydi.
Sevara Davlatova – Davlat ekologiya qo`mitasi Axborot xizmati bosh mutaxassisi:
– Konsepsiyani amalga oshirish natijasida qator natijalarga erishamiz. Qurigan Orol dengizi o`rnida daraxtlarni ekish ko`rsatkichi 28 foizdan 60 foizga etkaziladi, 80 foiz jamoat transporti gaz hamda elektr dvigateliga o`tkaziladi, aholiga sanitar xizmatlar ko`rsatish qamrovi 48 foizdan 100 foizga etkaziladi, chiqindilarni qayta ishlab chiqarish bugungi kunda 18 foizni tashkil qilsa, konsepsiyada 60-65 foizga etkazish belgilangan.
Shuningdek, Farmonga ko`ra, Davlat ekologiya qo`mitasining yovvoyi hayvonlarni ovlashga va o`simlik dunyosi ob`ektlaridan maxsus foydalanishga ruxsatnomalar berish bo`yicha vakolatlari Qoraqalpog`iston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo`mitasiga, viloyatlar va Toshkent shahar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmalariga berildi.