1

Mirjalol Qosimov: «Xatolar ko`rib chiqildi, ertaga boshqacha o`yin bo`ladi»

Sport 17.01.2015, 19:21
Mirjalol Qosimov: «Xatolar ko`rib chiqildi, ertaga boshqacha o`yin bo`ladi»

Saudiya Arabistoni va O`zbekiston terma jamoalari o`rtasida kechadigan o`yin oldidan o`tkazilgan matbuot anjumanida Mirjalol Qosimov va Aziz Haydarov ishtirok etdi. Bu haqda Uff.uz xabar bermoqda.

Dastlabki savol ertaga bo`ladigan o`yin haqida bo`ldi.

Javob: Saudiya Arabistoni juda kuchli jamoa. Ularga qarshi kechadigan o`yin jiddiy kechishi turgan gap. Biroq biz g`alaba uchun maydonga tushamiz. Xitoyga qarshi kechgan o`yindagi natija vaziyatni ancha og`irlashtirdi. Aslida biz o`yinni yomon boshlamagandik va g`alaba qozonib turgandik. Ammo o`yinni o`z qo`limiz bilan raqibga berib qo`ydik. Endi ertaga bo`ladigan o`yinda mana shu xatomizni to`g`rilab, vaziyatni o`nglash uchun qo`limizdan kelgan barcha ishni bajaramiz.

Aziz Haydarov: Ertaga bo`ladigan o`yin biz uchun birinchi final desak bo`ladi. Xitoydan mag`lubiyatga uchragach, kerakli ochkolarni yo`qotdik va keyingi bosqichga chiqish imkoniyatini qiyinlashtirdik. Shu sababli ertaga finalga tatiydigan o`yin bo`ladi. Saudiya Arabistoni kuchli jamoa. Biz raqibni yaxshi bilamiz, ular tarkibida kuchli futbolchilar bor. Ularning oldida qanday vazifa bo`lsa, bizning oldimizga ham shunday vazifa qo`yilgan. Biz bu o`yinda g`olib chiqib, xalqimizga bayram tuhfa qilmoqchimiz. Shu bilan birga avvalgi o`yindagi mag`lubiyat uchun xalqimizdan uzr so`ramoqchiman. Bizni to`g`ri tushunishadi, degan umiddaman. Ularning ishonchini ertaga bo`ladigan o`yinda qaytarib olmoqchimiz.

Aziz Haydarov. Foto: uff.uz

Avstraliya matbuoti: Saudiya Arabistoni futbolchilari juda tezkor ekaniga qanday qaraysiz?

Javob: Bu o`yin hammasiga oydinlik kiritishi lozim. Har bir jamoa musobaqadagi ishtirokini davom ettirishni istaydi. Raqib tarkibida kuchli va tezkor futbolchilar ko`p. Qolaversa, raqib o`yin davomida qanot himoyachilari tez-tez hujumga o`tib turadi va Saudiya Arabistoni o`yini yanada kuchayadi. Ammo biz bunga qarshi tura olamiz. Jamoamiz ertaga bo`ladigan o`yinga tayyor va faqat g`alaba uchun maydonga tushadi. Biz g`alabaga erishishimiz shart.

Xayrullo Holiqov: Ertaga boshlang`ich tarkibda o`zgarish ko`ramizmi? Shuningdek, Xitoyga qarshi kechgan o`yinda futbolchilarning ko`zi yonmadi, degan gapga qanday qaraysiz?

Javob: Men bu gapga qo`shilmayman. Futbolchilar g`alabani juda istagan edi. Ammo futbolda shunaqasi bo`lib turadi. Birinchi bo`limda yomon o`ynamadik, ammo ikkinchi bo`limda kichik xatolar og`ir oqibatlarga olib keldi. Bizda vaziyatni o`nglash uchun vaqt etarli bo`lmadi. Ertaga bu xatoni to`g`rilamoqchimiz. Albatta Saudiya Arabistoni bilan bo`ladigan o`yinda tarkibda o`zgarishlar bo`ladi.

Xitoy televideniesi: Bugun Avstraliya Janubiy Koreya bilan o`ynaydi. Shaxsan o`zingiz, agarda keyingi bosqichga chiqsangiz, ulardan qay biri bilan o`ynashni istardingiz?

Javob: Biz hozir faqat Saudiya Arabistoni bilan bo`ladigan o`yin haqida o`ylamoqdamiz. Qolgani haqida o`ylash uchun keyin vaqt bo`ladi. Biz ertaga g`alabaga erishishimiz shart.

Avstraliya matbuoti: Xitoyga qarshi kechgan o`yinda raqibni mensimagandek bo`lmadingizmi? Raqib kutilmagan o`yin namoyish qildi, deb o`ylamaysizmi?

Javob: Yo`q, men raqibni mensimadik, deb aytmagan bo`lardim. Men avvaldan aytganman, bu musobaqada faqat kuchli jamoalar bor. Shunday ekan, har bir uchrashuvda to`liq kuch bilan harakat qilish kerak. Oson o`yinning o`zi bo`lmaydi. Guruhimizdagi har bir raqib kuchli.

Axadxon Abduhamitov: Xitoyga qarshi kechgan o`yinda terma jamoamiz futbolchilari jismoniy jihatdan ham raqibga imkoniyatni boy berdi. Bu haqida nima deya olasiz? Yana bir savol futbolchiga: Siz BAAda uzoq yillardan buyon o`ynab kelmoqdasiz? Raqib haqida nima deya olasiz, BAA va Saudiya Arabistoni futboli bir biriga qay darajada o`xshaydi? Ertaga bo`ladigan o`yinda ularning va bizning ustun jihatlarimiz nimada?

Mirjalol Qosimov: Xitoyga qarshi kechgan o`yinda futbolchilarimiz ancha xotirjam tortib o`ynagani rost. Bu bizning xatomiz edi. Ammo biz bu xatolarni ko`rib chiqishga ulgurdik. Ertaga mutlaqo boshqacha o`yin bo`ladi.

Aziz Haydarov: BAA va Saudiya Arabistoni terma jamoalari bir biriga mutlaqo o`xshamaydi. BAA terma jamoasi futbolchilari anchadan buyon birga o`ynab kelmoqda. Shuning uchun bu juda kuchli jamoa. Saudiya Arabistoni esa texnik jihatdan kuchli. Bu jamoalar bir hududda joylashgan va qaysidir jihatlari o`xshash bo`lishi mumkin. Ammo Saudiyani BAAdan kuchliroq deb o`ylamayman. Saudiya Arabistoni tarkibida texnik jihatdan kuchli futbolchilar bor. Biz mana shunga qarshi tura olishimiz kerak.

Mirjalol Qosimov va Aziz Haydarov. Foto: uff.uz

Livan matbuoti: Agar O`zbekiston terma jamoasi ertaga mag`lubiyatga uchrasa, siz iste`foga chiqasizmi?

Javob: Bizda barchasini o`nglash uchun imkoniyat va vaqt bor. Men hozir faqat mana shu g`alaba haqida o`ylayapman. Saudiya Arabistoniga qarshi kechadigan o`yinda g`alaba uchun bor imkoniyat va kuchni sarflaymiz. Biz faqat g`alaba uchun maydonga tushamiz. Hozir faqat shu haqida o`ylash kerak. Qolganiga esa hali vaqt bo`ladi.

Shu bilan O`zbekiston milliy terma jamoasi ishtirokidagi matbuot anjumani yakuniga etdi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1