1

Erdan unumli foydalanmaslik oqibatida xorijdan qariyb 100 mln dollarlik go`sht uchun qoramol import qilingan

Siyosat 13.11.2019, 21:40
Erdan unumli foydalanmaslik oqibatida xorijdan qariyb 100 mln dollarlik go`sht uchun qoramol import qilingan

Bu haqda ham Prezident tomonidan 13 noyabr kuni o`tkazilgan chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik va ipakchilik tarmoqlarini yanada rivojlantirish masalalariga bag`ishlangan videoselektor yig`ilishida ta`kidlandi.

Butun dunyoda chorvani oziqlantirishda asosan silos va omuxta em  ishlatiladi. Yangiyo`l tumanida takroriy ekin sifatida makkajo`xorining intensiv navidan gektariga 50-60 tonna silos olinganda uning 1 kilogrammi tannarxi bor-yo`g`i 150 so`mni tashkil etgan. Vaholanki, 1 kg sheluxaning bozordagi narxi 2 ming so`mdan oshadi. Ya`ni, shrot-sheluxaga nisbatan 10 baravar arzon ozuqani bemalol chorvadorlarning o`zi etishtirsa bo`ladi. 

Chorva uchun ozuqa navli bug`doydan gektariga 100 sentnergacha hosil olish mumkin. Biroq, joylarda ozuqa-emga bo`lgan defisitni qoplash choralarini ko`rish o`rniga ozuqabop ekin erlaridan samarasiz va maqsadsiz foydalanish hollari tanqid qilindi.

– Sirdaryoda 16 ming gektar, Toshkent viloyatida 8,5 ming gektar ekin maydoni g`alladan keyin bo`sh turganini qanday izohlash mumkin? – deya savol bilan murojaat qildi Prezident.

Shu yilning o`tgan 10 oyida xorijdan qariyb 100 million dollarlik zotli va go`sht uchun qoramol import qilindi. Shuning uchun, qo`shimcha ozuqa bazasini yaratish maqsadida chorvadorlarga er berish, to`g`ri ekin turlarini ekish borasida topshiriqlar berildi.

Davlatimiz rahbari ta`kidlaganidek, parrandachilikda ham shunga o`xshash muammolar mavjud. Misol uchun, ozuqaning 70-75 foizi import hisobiga ta`minlanib, joriy yilning 10 oyida 80 million dollarga 160 ming tonna soya va kungaboqar shroti, 14 million dollarga 80 ming tonna makkajo`xori import qilindi. Tarmoq korxonalariga bu yil ozuqa uchun 137 ming gektar o`rniga amalda 5 ming gektar er berilgan, xolos.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1