Ispaniyaning Valensiya shahrida ot sportining “konkur” yo`nalishi bo`yicha navbatdagi xalqaro musobaqa davom etmoqda.
Mazkur nufuzli bellashuvning dastlabki kunida Osiyo va Evropaning etakchi chavandozlari o`rtasida kechgan bahslar O`zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining ot sporti bo`yicha Respublika oliy sport mahorat maktabi chavandozlari uchun muvaffaqiyatli yakunlandi.
Bir nechta yo`nalishda bo`lib o`tayotgan musobaqaning balandligi 1 metr 40 santimetr bo`lgan to`siqlardan o`tish bellashuvida mahoratli yosh chavandoz S.Turg`unboev, 1 metr 20 santimetr balandlikdagi to`siqlarda kechgan bahslarida esa tajribali chavandoz A.Tolliboev eng yaxshi natijani qayd etib, xalqaro musobaqaning oltin medaliga sazovor bo`ldi.
Sportchilarimizning mazkur yutug`i natijasida Valensiya shahrida O`zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi ikki marotaba yangrab, davlatimiz bayrog`i ko`tarildi.
Musobaqalar joriy yilning 17 noyabr kuniga qadar davom etadi.