1

Rossiyadagi vatandoshlarimiz huquqiy himoyaga olinadi

Siyosat 17.11.2019, 11:44
Teglar: vatandosh, himoya, muhojirlar
Rossiyadagi vatandoshlarimiz huquqiy himoyaga olinadi

Rossiya Federasiyasi Ichki ishlar vazirligining Pasport va viza xizmati Bosh direktori Sergey Mashin boshchiligidagi delegasiya O`zbekistonda bo`ldi.

Tashrifdan maqsad Rossiya Federasiyasiga vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O`zbekiston fuqarolari uchun sug`urta, konsalting va boshqa xizmatlarni taqdim etish, ishlash uchun patent berishni tashkil qilish, pasport va viza xizmati bo`yicha huquqiy yordam ko`rsatishga qaratilgan uzoq muddatli hamkorlikni yo`lga qo`yishdir.

Sergey Mashin bilan “O`zagrosug`urta” AJda ham uchrashuv tashkil etildi. Unda ta`kidlanganidek, vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun Rossiyaga jo`nab ketayotgan O`zbekiston fuqarolariga barcha sharoitlar yaratib berilishi borasida ikki davlat o`rtasidagi o`zaro hamkorlik aloqalari yanada mustahkamlanadi. Bular haqida O`zA xabar berdi.

Ta`kidlash lozimki, bu borada Prezidentimizning 2019 yil 20 avgustda “Xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O`zbekiston Respublikasi fuqarolari va ularning oila a`zolarini himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish choralari to`g`risida”gi farmonida bir qator tavsiyalar berilgan edi. 

Uchrashuvda tomonlar o`zaro hamkorlikni yangi bosqichda rivojlantirish istagini bildirdi. 

– Fuqarolarni turli xil ko`ngilsiz voqea-hodisalardan himoya qilish, ularning xavfsizligini ta`minlash, xorijiy davlatda mehnat qiluvchilar uchun munosib shart-sharoit yaratish hozirgi kunning muhim masalalaridan biri hisoblanadi, – dedi “O`zagrosug`urta” AJning Rossiya Federasiyasidagi vakolatxonasi rahbari S.Papov. – Biz ishlashga otlangan migrantlarni sug`urta qilamiz. Ma`lumki, hayoti sug`urta qilinmagan migrantlar bexavotir ishlash imkoniyatiga ega bo`lmaydi. Shu sababli, migrantlarning Rossiyada yashashi uchun zarur bo`ladigan hujjatlarni rasmiylashtirishda ham yordam beramiz.

Uchrashuv yakunida o`zbekistonlik mehnat muhojirlariga yordam berish, hayoti va sog`lig`ini sug`urtalash, polislarini rasmiylashtirish ishlari Rossiya Ichki ishlar vazirligining hududiy bo`linmalarida amalga oshirilishiga kelishib olindi.

Shu bilan birga, kunning ikkinchi yarmida O`zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligida mazkur masala yuzasidan yana bir muhim uchrashuv bo`lib o`tdi.

Joriy yilning so`nggiga qadar O`zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Rossiya Federasiyasi Ichki ishlar vazirligining Pasport va viza xizmati o`rtasida hamkorlik to`g`risidagi kelishuv imzolanishi kutilmoqda.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1