Avval xabar berganimizdek O`zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assosiasiyasi hamda “Mening yurtim” (My5), “Sevimli” va “Milliy” telekanallari hamkorligida Media Hallda “Demokratik debat” bo`lib o`tdi. Unda siyosiy partiyalar vakillari jamiyatda mavjud muammolar echimi bo`yicha o`z fikr-mulohazalarini bildirishdi.
Muhokamalarda Adolat SDP vakili Farruh Abduhamidovning bildirishicha yosh mutaxassislarning xorijga chiqib ketishiga asosiy sabab bizda ish o`rinlari yo`qligi emas, mavjud shtatlarda mehnatga to`lanadigan maosh miqdori pastligi hisoblanadi. Uning aytishicha hududlardagi mehnat birjalariga borib tekshirilsa, ish o`rinlari ko`p, ammo ish haqi qoniqarli miqdorda bo`lmagani uchun mutaxassislar bu bo`sh ish o`rinlarida ishlashni xohlamayapti.
Adolat SDP faoli o`z chiqishida yana bir masalaga e`tibor qaratdi. Uning aytishicha bugungi kunda o`qishga kirishda iloji boricha ko`p kvota ajratilyapti. Ammo kontraktlar bo`yicha to`lov miqdori ko`pligi talabalarni qiynab qo`yyapti. Demak talaba-yoshlarni qo`llab-quvvatlash uchun deputatlar kontrakt to`lovlarini kamaytirish masalasini ham ko`rib chiqishi kerak bo`ladi.