AsosiyJamiyat

“YouTube”da muhokama bo`layotgan “Epica” haydovchisi va YPX insrektori o`rtasidagi tortishuv qonunan ko`rib chiqildi

'“YouTube”da muhokama bo`layotgan “Epica” haydovchisi va YPX insrektori o`rtasidagi tortishuv qonunan ko`rib chiqildi'ning rasmi

YouTube videoxosting saytida foydalanuvchilardan biri tomonidan e`lon qilingan videoda haydovchi YPX xodimi bilan tortishayotgani aks etgan. Ushbu holat tezkor o`rganilib, Toshkent shahar IIBB tomonidan aniqlik kiritildi.

Keltirilishicha, haydovchi inspektorga hujjatlarni taqdim etishdan bosh tortib, buni qonun bo`yicha “majbur emasligi” bilan oqlab, “qoidabuzarlikni ko`z bilan ko`rgan holda qayd etishga haqqingiz yo`q, videoyozuvni talab qilaman” deya, ma`muriy huquqbuzarlik to`g`risidagi bayonnomaga qo`l qo`ymasligini bildirgan va shuningdek YPX inspektori xizmatni bodikamera bilan olib borishi lozim deb ta`kidlagan. Videoda haydovchining har bir e`tiroziga inspektor qonunan to`g`ri javob berdi, ammo haydovchi javoblardan qoniqmagan. Haydovchi kalitni o`t oldirgich qulfiga tiqayotib, bo`lg`usi tomoshabinlariga inspektor unga nisbatan hech narsa rasmiylashtirmaganini ma`lum qilgan joyda videoyozuv yakunlandi.    

“Ushbu fakt bo`yicha shuni ma`lum qilamizki, ushbu holat 12-noyabr kuni soat taxminan 16.30 da Yangi Yunusobod chorrahasida ro`y bergan. YHXB YPX inspektori harakatlanib kelayotgan Epica rusumli avtomobil (davlat raqami 01 R 177 SA) haydovchisi boshqaruv davomida telefondan gaplashayotganini ko`radi. Shu munosabat bilan inspektor haydovchiga to`xtash haqida ishora berib, qoidabuzarlik haqida ma`lum qilib, ma`muriy javobgarlik to`g`risida bayonnoma tuzish uchun hujjat talab qilgan. Avtomobil haydovchisi – 26 yoshli Sardorbek M. hujjatlarni chiqargan, ammo inspektorga berishdan bosh tortib, yuqoridagi e`tirozlarini bildirgan. Amaldagi qonunchilikka ko`ra, haydovchi har bir qayd etgan bandi bo`yicha nohaq edi. Xususan, qonunning quyidagi bandlarini ko`rib chiqamiz.

  1. O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 24.12.2015 yildagi 370-son Qarorida belgilangan Yo`l harakati qoidalarining 7-bandiga muvofiq, mexanik transport vositasining haydovchisi ro`yxatda ko`rsatilgan hujjatlarni (haydovchilik guvohnomasi va uning talonini, transport vositasi qayd qilish guvohnomasini, sug`urta polisini va hokazo) yonida olib yurishi va IIO xodimlari talab qilganda tekshirish uchun taqdim etishi shart.
  2. O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 01.12.2018 yildagi 975-son Qarorining 3-bob 12-bandiga muvofiq, YPX xodimi o`z xizmat vazifalarini bajarish vaqtida yuqoridagi hujjatlarni tekshirish huquqiga ega.
  3. Xuddi shu 975-son Qarorda xizmatni bodikamera bilan olib borishi kerakligi haqida aytilgan, ammo qarorning boshida mazkur 18-bandning to`rtinchi abzasi 2020 yilning 1-yanvar kunidan kuchga kirishi ma`lum qilingan. Bugungi kunda ham bodikamera bilan xizmat olib borayotgan xodimni ko`rish mumkin, ammo ushbu tartib 2020 yilning 1-yanvar kunidan majburiy bo`ladi.
  4. Shuningdek 975-son Qarorda (2-bob 6-band) haydovchi yo`l harakati qoidalarini buzgani YPX xodimi tomonidan vizual kuzatuvda aniqlanganda ham xodim transport vositasini to`xtatish huquqiga egayu
  5. Avtomobil haydovchisi qonun bo`yicha hujjatlarni qo`lda ushlab turgan holda ko`rsatib, IIO xodimining qo`liga bermaslikka haqqi borligini ta`kidlagan. Ammo bu holatda u qoidalarda chalkashib ketdi – aynan IIO xodimi o`z hujjatlarini fuqaroga bermasdan ko`rsatish huquqiga egadir. Bu haqda 3-bob 14-bandda: “YPX xodimi tomonidan xizmat guvohnomasini yo`l qatnashchisi ixtiyoriga berish taqiqlanadi”, deyilgan.

Yangi Yunusobod chorrahasida yuzaga kelgan holatga qaytib, shuni ma`lum qilamizki, inspektorning hujjatlarni taqdim etish haqidagi talabini rad qilish, ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik deb baholanadi. Ko`rsatmaga binoan, ikki nafar xolislar ishtirokida ushbu fakt bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksining 194-moddasiga muvofiq bayonnoma rasmiylashtirildi. Bu holatda haydovchiga nisbatan qanday chora ko`rilishini sud hal qiladi. Shuningdek, O`zbekiston Respublikasi Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksining 291-moddasiga (“a” bandi) ko`ra, bu kabi holatlarda haydovchining avtomobili jarima maydonchasiga joylashtiriladi, shuning uchun avtomobil joylashgan manzilga evakuator chaqirildi.    

Shunday qilib, qoidabuzarning videoyozuvdagi choradan qo`tilib qolgani haqidagi xabari haqiqatdan yiroqdir. Bugungi kunda video muallif tomonidan namoyish uchun cheklangan, yoki o`chirilgan – ilgarigi havolalar orqali uni ko`rish imkoni yo`q.  

Hurmatli Internet tarmog`i foydalanuvchilari! Ko`rib chiqadigan kontentga tanqidiy yondashishingizni so`raymiz. Xabar muallifi har doim ham rostgo`y bo`lmasligi va sizni aldashi mumkinligi yodingizda bo`lsin. Shuningdek haydovchilarga murojaat qilmoqchimiz: qonunchilik bilan qisman tanishlingingiz sizni dono qilib qo`yadi deb o`ylab yo`llarda tortishuv chiqarmang. Hamma narsani bilmasligingiz mumkinligini unutmang.    

Har holda tortishuvlar muammoni hal qilmaydi va sizni etuk, tarbiyali inson sifatida ko`rsatmaydi. Agar inspektorning biror gapiga qo`shilmasangiz, unga ortiqcha hissiyotlarsiz savol bering – u albatta sizga javob beradi. Agar shunda ham holatdan norozi bo`lsangiz, tegishli tarzda to`g`ridan-to`g`ri inspektorning rahbariyatiga yoki IIBBga yozma ariza bilan murojaat qiling – masala ko`rib chiqiladi”, — deyilgan IIBB ma`lumotida.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar