1

Mirjalol Qosimov: Ertangi o`yinga qo`shimcha rejamiz ham bor

Sport 21.01.2015, 13:10
Mirjalol Qosimov: Ertangi o`yinga qo`shimcha rejamiz ham bor

Janubiy Koreya - O`zbekiston uchrashuvi oldidan Melburndagi "Melbourne Rectangular Stadium"da ikki murabbiy o`rtasida matbuot anjumani boshlandi.

Dastlab, savollarga O`zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov javob qaytaradi.
Ayni paytda musobaqa tashkilotchilari stadionga maxsus sovg`alarni topshirishmoqda. Osiyo kubgi haqida fikrlar bayon qilinmoqda.

Matbuot anjumaniga terma jamoamiz bosh murabbiyi hujumchi Bahodir Nasimov bilan tashrif buyurdi. Dastlab, Mirjalol Qosimov ertangi o`yin haqida o`z fikrlari bilan o`rtoqlashdi.

Mirjalol Qosimov: Ertaga bizni juda muhim o`yin kutmoqda. Guruh bahslari ortda qoldi. Endi xato qilishga haqqimiz yo`q. Guruh bosqichda xatolarni to`g`irlash mumkin, pley-offda buni iloji yo`q.

Raqiblarimiz yanada saralanib bormoqda. Janubiy Koreya qanday jamoa ekanligini yaxshi bilamiz. Ammo dunyoda yutib bo`lmas termaning o`zi yo`q. Ertangi o`yinda biz o`zimizni mezbondek his qilyapmiz. Chunki bungacha uchta o`yinni boshqa shaharlarda mehmon sifatida o`tkazgandik. Bu erlik vatandoshlarimiz va Melburndagi muxislarni mehrini qozonishga harakat qilamiz.

Bahodir Nasimov: Ertaga finalda o`ynayotgandek maydonga tushamiz. Niyatimiz faqat g`alaba qozonish. Muxlislarimizni xursand qilishda davom etmoqchimiz.
Shundan so`ng matbuot anjumaniga kelgan jurnalistlar o`zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishdi.

Avstraliyalik jurnalist:
- O`tgan turda ko`plab o`zgarishlar qildingiz. Ertaga ham o`sha tarkib maydonga tushadimi yoki Jeparov va Kapadzelarni tushirasizmi?
- Bugungi mashg`ulotlardan kelib chiqib yakuniy tarkibni tanlaymiz. Jeparov va Kapadzelar ham o`yinga tayyorlar. Ular jamoamizning bir bo`lagi hisoblanadi.

Xayrulla Xoliqov:
- JCh-2014 saralashidagi raqibimizdan qasos olish kerak, degan narsa sizga bosim yuklamaydimi?
- Yo`q. Hamma narsaning me`yori bo`lgani ma`qul. U o`yin tarixda qoldi. Bu boshqasi. Biz shunchaki o`z o`yinimizni ko`rsatmoqchimiz.

Avstraliyalik jurnalist:
- Janubiy Koreya terma jamoasi haqida ma`lumotga egamisiz?
- Albatta. Kichkina axborot ham katta yutuqlarga olib kelishi mumkin.

Ahadxon Abduhamidov:
- Raqibning qaysi kuchli jihatlarini alohida ta`kidlab o`tishingiz mumkin?
- Meni raqibning tezkorligi va qarshi hujumga o`tib ketishi biroz xavotirga solmoqda. Ammo biz xato qilmaslikkka harakat qilamiz.

Nodirxo`ja Yo`ldoshev:
- Ertangi taktika borasida nima deya olasiz? Yoshlar kerak paytda tajribasizlik qilib qo`yishlari va bosim ostida qolishlari mumkin-ku.
- Ertangi o`yinda ozgina o`zgarish qilinadi. To`g`ri, yoshlar bosim ostida qolib ketishlari mumkin. Biz raqibga qarab taktika tanlaymiz. Bizda "B" reja ham bor.

Koreyalik jurnalist:
- Server Jeparov Koreya K-ligasida mashhur o`yinchi hisoblanadi. U nega oldingi o`yinda maydonga tushmadi?
- Guruhda xatolarni to`g`irlash mumkin. Pley-offda buning iloji yo`q. Xitoydagi mag`lubiyatdan so`ng biz boshqa futbolchilarni tushirishga harakat qildik. Jeparov hali o`zbek futboli uchun kerak.
- Siz Koreya jamoalariga qarshi o`ynashni juda yaxshi bilasiz. Ertangi o`yinga rejangiz bormi?
- Buni o`yindan keyin ko`rasiz.

- Koreya guruh bosqichlarida bironta ham gol o`tkazib yubormadi. Bunga qanday qaraysiz?
- Buning zamirida katta mehnat yotadi. Himoyachilar yaxshi o`ynashmoqda. Darvozabon ham juda kuchli. Lekin ertaga biz bunga chek qo`ymoqchimiz.

- Ertaga durang bo`lib qolsa, qo`shimcha bo`limlar va penaltilar bo`lib qolsa nima qilasiz?
- Bu futboldagi normal holat. Bu narsa haqida biz o`ylamayapmiz. Biz asosiy daqiqalarda g`alaba qozonmoqchimiz. Agar ish penaltilarga kelib taqalsa, biz tayyormiz.

Shu bilan Mirjalol Qosimov ishtirokidagi matbuot anjumani o`z yakuniga etdi.

Manba: www.uff.uz   

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1