O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev raisligida 22 noyabr kuni qishloqlar va shaharlarda aholini uy-joy bilan ta`minlashning yangi tizimini joriy etish bo`yicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlar muhokamasiga bag`ishlangan videoselektor yig`ilishi bo`lib o`tdi.
Unda ma`lum qilinishicha, keyingi yildan boshlab, aholini uy-joy bilan ta`minlash borasida yangi tizim joriy etiladi. Endi uylar davlat tomonidan emas, to`liq xususiy sektor tomonidan quriladi.
Davlat aholiga ipoteka kreditlarini maqbul sharoitlarda berish orqali uy-joyga talabni qo`llab-quvvatlaydi. Ipoteka kreditlari berish uchun resurslar miqdori banklar va hududlar bo`yicha cheklanmaydi.
Bu tizim taklif sifatida joylarda muhokama qilinganda, barcha quruvchi-tadbirkorlar uni ijobiy qabul qilgan. Aholining kredit olish imkoniyati kengaytirilsa, narxi hozirgilaridan baland bo`lmagan, lekin sifati yaxshi uylar qura olishini bildirgan.
Shulardan kelib chiqib, endilikda shaharlarda uy-joy qurilishi quyidagi tartibda amalga oshiriladi.
Birinchidan, tadbirkorlik sub`ektlari o`z mablag`i va jalb qilingan mablag`lar hisobidan poytaxtimiz va shaharlarda yangi tartib asosida 13 ming 750 ta kvartirali turar joylar qurilishini amalga oshiradi. Bunday imorat va majmualar loyihasi ham tadbirkorlar tomonidan mustaqil tayyorlanadi.
Ikkinchidan, uy-joy qurish uchun er maydonlari auksion orqali ajratiladi. Ularni suv va kanalizasiya tarmoqlariga ulash, avtomobil yo`llari qurish tadbirkorlik sub`ektlari hamda respublika va mahalliy byudjet mablag`laridan moliyalashtiriladi.
Uchinchidan, banklar o`rtasida sog`lom raqobat bo`lishi uchun Moliya vazirligi endilikda uylarni xarid qilishga ipoteka krediti bo`yicha qariyb 3 trillion so`mga yaqin davlat resurslarini auksion asosida banklarga ajratadi.
Bundan tashqari, ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi tashkil etilib, unga Osiyo taraqqiyot banki mablag`lari jalb qilinadi, ushbu mablag`lar ham yangi qurilgan uy-joylarni sotib olishga ipoteka krediti ajratish uchun banklarga qo`shimcha resurs sifatida joylashtiriladi.