AsosiySiyosat

Shavkat Mirziyoev: "Endi hokimlardan qurilgan uylar soni emas, ularning sifati va nechta odamni rozi qilgani so`raladi"

'Shavkat Mirziyoev: "Endi hokimlardan qurilgan uylar soni emas, ularning sifati va nechta odamni rozi qilgani so`raladi"'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev raisligida 22 noyabr kuni qishloqlar va shaharlarda aholini uy-joy bilan ta`minlashning yangi tizimini joriy etish bo`yicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlar muhokamasiga bag`ishlangan videoselektor yig`ilishi bo`lib o`tdi.

Ma`lum qilinishicha, kelasi yilda “O`zshahar qurilish invest” hamda “Qishloq qurilish invest” injiniring kompaniyalari amaldagi tizim asosida shaharlarda 4 ming 250 ta va qishloq joylarida 8 mingta uy-joy qurilishini davom ettiradi.

Tayyor uylar uzoq vaqt davomida sotilmay turishi hollarining oldini olish maqsadida shaharlarda qurilishni moliyalashtirish tizimi takomillashtiriladi. Endi turar joylarga talabgorlar ro`yxati shakllantirilib, boshlang`ich badal yig`ilmaguncha qurilishga moliyalashtirish ochilmaydi.

Banklar 2020 yilda amaldagi tizim bo`yicha shaharlarda quriladigan uy-joylarning xaridorini aniqlagan holda, qurilishni mijozga ajratiladigan ipoteka krediti hisobidan moliyalashtirish tizimini joriy etadigan bo`ldi.

Uylar narxini tushirish va sifatini oshirish uchun innovasion qurilish materiallaridan keng foydalanish zarurligi ko`rsatib o`tildi.

Hokimliklarga shahar va qishloqlarda uy-joylar uchun er ajratish, pudratchilarni aniqlash ishlarini yakunlab, qurilishni 2020 yil 1 martga qadar boshlanishini ta`minlash yuklatildi.  

– Uy-joy siyosatida yangi tizimga o`tayapmiz. Bu jarayonda har bir hudud rahbari zimmasiga mas`uliyat va javobgarlikni olib, yangi tizim bo`yicha turar joy qurishda o`z tajribasini yaratishi shart. Endi hokimlardan qurilgan uylar soni emas, qurilishga nechta salohiyatli tadbirkorlar jalb qilingani, ularga qancha er ajratilgani, infratuzilma tarmoqlari yaratilgani, uylar sifati va nechta odamni rozi qilgani so`raladi, – dedi davlatimiz rahbari. 

Uy-joylarni qurish va realizasiya qilish bo`yicha respublika komissiyasi joylarga chiqqan holda, qurilish ishlarini nazoratga olishi zarurligi ta`kidlandi.  

Hokimlar eski bino va inshootlarni buzish hisobiga bo`shagan joylarda uy qurish masalasiga alohida e`tibor berishi shartligi, kompensasiya pullari to`lanib, mulk egalari rozi bo`lmaguncha birorta ko`chmas mulk buzilishi mumkin emasligi ko`rsatib o`tildi. 

Davlat idoralari rahbarlari nafaqat o`zining, balki davlatning ham sha`nini saqlashga mas`ul ekani, xalq bilan, ommaviy axborot vositalari bilan muloqotda kibrga berilmay, vazmin va oqilona, qonunga asoslangan qaror qabul qilishi shartligi ta`kidlandi. 

    Boshqa yangiliklar