1

Sardor Rashidov: «Xorij klublaridan qiziqish borligini rad etmayman»

Sport 26.01.2015, 08:59
Sardor Rashidov: «Xorij klublaridan qiziqish borligini rad etmayman»

Osiyo Kubogi — 2015dagi ishtirokini yakunlagan O`zbekiston terma jamoasi Toshkentga qaytib keldi. Futbolchilarni kutib olish uchun Toshkent xalqaro aeroportiga chiqqan muxbirlar yigitlardan bir nechtasi bilan suhbatlashishga muvaffaq bo`ldi, deb xabar beradi «Sports.uz».

Asosiy «nishon» OK — 2015da o`zini har tomonlama ko`rsata olgan Sardor Rashidov bo`ldi.

«Osiyo Kubogi — 2015 musobaqasidan juda yaxshi taassurotlar qoldi. Turnir biz uchun yomon o`tgani yo`q, nazarimda. Ko`ngilni xira qiladigan jihat shundan iboratki, biz ishtirokimizni chorak finaldayoq yakunlashga majbur bo`ldik. Aslida uzoqroqqa borishni maqsad qilgandik. Lekin biroz omad etishmadi.

Umuman olganda, Avstraliyadagi turnirdan faqat ijobiy taassurotlar qoldi. Bunday nufuzli musobaqada ilk marta ishtirok etdim. Shu boisdan oz bo`lsa-da hayajon bo`ldi. Ammo qo`limdan kelgancha o`ynashga harakat qildim», — dedi o`zbek futbolida porlay boshlagan «yulduz».

Sardorning qit`a chempionatidagi o`yini ko`plab muxlis-u mutaxassislarga manzur bo`ldi. Shu boisdan so`nggi kunlarda «Bunyodkor» a`zosiga bir qator xorij jamoalaridan qiziqish bo`layotgani to`g`risida xabarlar tarqala boshladi. Bu haqda futbolchining o`zi shunday dedi:

«Xorij klublaridan menga qiziqish bo`layotganini rad etmayman. Ammo hozircha biror aniq gap ham ayta olmayman. Tez orada agentim bilan uchrashib, bu xususda bafurja gaplashib olaman. Yaqin kunlarda bu borada ham yangiliklar bo`lib qoladi».

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1