AsosiyShou-biznes

Hosila Rahimova: avval kesak otishgan bo`lsa, endi...

“Yulduzlar hujumi” loyihasiga bu gal O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist, Surxonning shaddod va “Yashin” ayoli Hosila Rahimovani taklif etdik. Ochig`i, Hosila Rahimova har holda ko`ngildagidek ijodi, hush ovozi, o`ziga hos uslub ibilan ko`pchilikning ko`nglidan joy olganligi bois, hamkasblari avvaliga uzoq o`ylab, so`ng tanqid qilishga kirishdi.

Umida Mirhamidova(xonanda):

-Hosila, sen o`zimning o`rtog`imsan. Sen muxlislar va jigarlaringga bo`lgan mehr muhabbating, e`tiboringni qanday taqsimlagan bo`larding?

-Muxlisning bizga bo`lgan mehrini birdek saqlab qolish uchun biz albatta ijod qilib, tinimsiz qo`shiqlar yaratishimiz kerak. Ilohim, muxlislar mendan yuz o`girmasin. Lekin agar shunday bo`ladigan bo`lsa vaziyatga qarab, yanada ko`proq ijod qilgan bo`lardim.

Yoqub Ahmedov(aktyor):

-Plastik operasiya qildirganingizni eshitib hayron qolganman.  Kun kelib bundan afsuslanishingizni  bilasizmi?

-Kechirasiz. Yoqubjon, yaxshiroq e`tibor bersangiz men hali yuzimni jarrohlik yo`li bilan torttirmaganman. Yuzim hali ham o`sha do`mboqqina, lo`ppichaligicha  qolgan(kuladi).  Go`zallik qurbonlik talab qiladi. Agar insonda plastik jarrohlikka ehtiyoj sezilsa, buning nimasi yomon?  Ayollar ham siz kabi erkaklarga go`zal bo`lib ko`rinishni istaydi-da!

Shoira Otabekova(xonanda):  

-Hosila opa yaqinda “My 5” telekanali orqali O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Mavluda Asalxo`jaeva bilan birgalikda kuylagan duetingiz sizga umuman yarashmapti.

-Yo`g`-e, yarashmaptimi? (hayratlandi). Agar telekanal ijodkorlari folklor yo`nalishidagi birorta  qo`shig`imni biror yosh san`atkor bilan ijro etishimni taklif qilishganida ham jon deb rozi bo`lgan bo`lardim.

Shodiya Tto`xtaeva(aktrisa):

-Nega o`zingizga aynan shunaqa, erkakcha, to`pori Surxon ayoli imijini tanladingiz?  Sizni juda ham mehribon, nozik qalb egasi deb bilaman! Balki shu nozik qalb dilini ko`pchilik og`ritganidan, tushunmaganidan mana shunday imdj tanlagandirsiz?

-Fikringiz uchun rahmat. Lekin to`pori ayol deya e`tirof etganingiz noto`g`ri. Hech qachon bizning ayollarimiz to`pori bo`lmagan va men tanlagan obraz  ham to`pori obraz emas. To`pori hech qachon o`zligini namoyon eta olmaydi. Men shaddod, quvnoq, kezi kelsa yurtni boshqara oladigan o`sha Barchinoy, To`maris kabi momolarimizning timsolini  gavdalantiraman. O`tmishimizda mana shunday momolarimiz borligini yangi avlodaga yangicha talqinda o`z qo`shiqlarim bilan ochib berishga harakat qilaman. To`ylarda gap otishi mumkin bo`lgan erkaklar esa meni o`zlariga do`st deb qabul qilishgani uchun ham obro`yimni to`kmaslikka harakat qilishadi. Chunki, Xudoga shukr, mening barcha muxlislarim yaxshi tarbiya ko`rgan, san`atni va san`atkorni qadrlaydigan insonlar.

Firdavs Pazliddinov(xonanda):

-Qashqadaryoga borganingizda sizga bir muxlis kesak otgan edi. Siz esa tap tortmay muxlisingiz to`yini to`xtatib, mikrofonda jahl bilan gapirgansiz. Bu san`atkor madaniyatga kiradimi? Yana bir hazil savolim, o`shanda kesak otishgan bo`lishsa, endi nima otishyapti?

-O`shanda kesak menga otilmagan. Orqa tomonda o`tirgan ayollardan biri meni, raqqosani ko`rish uchun  kesakni oldinda tik turib, orqadagi tomoshabinlarni to`sib qo`ygan yigitlarga otgan. Kesak bolani hatlab o`tib menga kelib tekkan. Men buni aynan san`atkor madaniyatini buzgan holatda emas, shunchaki o`zimni himoya qilish uchun  odamlarni insofga chaqirishga harakat qilganman. Hazil savolingizga kelsak, o`shanda kesak otishgan bo`lishsa, endi gul otishyapti (kuladi).

Yulduz Abdullaeva (xonanda):

-Ukangiz Abdumannon Rahimovning ijodiga umuman e`tibor bermayapsiz...

-Ukam allaqachon tanilib bo`ldi. Endi u o`z aravasini o`zi tortishi kerak. Qachongacha u opasini ukasi bo`lib qolishi kerak?  U endi falonchining ukasi emas, falonchi uning opasi deyishadigan darajada ijod qilishi kerak.

               Mohichehra EShMIRZAEVA yozib oldi    

    Boshqa yangiliklar