AsosiySiyosat

O`zbekistonda qurilajak AES mutaxassislari Rostov viloyatida tahsil oladi

Rostov-na-Donu shahrida O`zbekistonning Bosh konsulligi tomonidan “O`zbekiston-Rossiya: ik...

'O`zbekistonda qurilajak AES  mutaxassislari Rostov viloyatida tahsil oladi'ning rasmi

Rostov-na-Donu shahrida O`zbekistonning Bosh konsulligi tomonidan “O`zbekiston-Rossiya: ikki davlatning ijtimoiy-siyosiy aspektlari” mavzusidagi muhokamalar doirasi tashkil etildi. Tadbir RF janubidagi eng qadimiy va nufuzli oliy ta`lim muassasasi – Rostov Davlat iqtisodiyot universiteti ("RINX") maydonida OTM prezidenti A.U.Albekov hamda rektori E.N.Makarenko ishtirokida bo`lib o`tdi. 

Rossiya tomondan rasmiylar, diplomatik korpus, biznes doiralar, akademik va ilmiy doiralar vakillari, jamoat arboblari, "RINX" talaba va aspirantlari ishtirok etishdi. 

Tadbir doirasida ishtirokchilarga so`nggi yillarda O`zbekistonda ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va gumanitar sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida batafsil ma`lumot berildi. 

Shu bilan birga, O`zbekistonda o`tkazilishi kutilayotgan parlament saylovlari, ta`lim, turizm hamda sog`liqni saqlash sohalaridagi islohotlarga katta e`tibor qaratildi.

Shundan so`ng tomonlar O`zbekiston-Rossiya munosabatlarining bugungi holati va istiqbollari, xususan ta`lim tizimi va O`zbekistonda qurilajak AES uchun mutaxassislarning Rostov viloyatida tahsil olishi masalalarini muhokama qilishdi. 

Ta`kidlash joizki, muhokamalar doirasida Rostov viloyatiga tashrif buyurgan O`zbekiston OTMlari delegasiyasi ham faol qatnashdi. Toshkent Davlat texnika universiteti, Turin politexnika universitetining Toshkent filiali hamda Andijon mashinasozlik instituti rektorlari rasmiy chiqishlardan keyingi fikrlar almashinuvida faol ishtirok etib, forum ishtirokchilarining ko`p sonli savollariga javob berishdi. 

Bundan tashqari, O`zbekiston OTMlari delegasiyasining “RINX” Rostov davlat iqtisodiyot universiteti rahbariyati bilan uchrashuvi o`tkazilib, unda tomonlar oliy ta`lim muassasalari o`rtasidagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qilishdi.

Tadbir yakuniga ko`ra, Andijon mashinasozlik instituti hamda “RINX” o`rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Hujjat shuningdek Andijon OTMsida yangi buxgalterlik hisobi va audit, logistika va axborot xavfsizligi kafedralari ochilishi masalasini ishlab chiqishni ko`zda tutadi. 

Muhokamalar doirasi RF Qonunchilik kengashi, Iqtisodiy rivojlanish vazirligi, Rostov viloyati jamoatchilik palatasi, Butunrossiya xalq fronti hududiy bo`limi hamda Rostov-na-Donu shahri jamoatchilik palatasi hamkorligida tashkil etilgan.

Boshqa yangiliklar